6-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Taklif etilgan qonun loyihasi bilan voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.