5-iyun kuni bloger Nikita Makarenko o‘z Telegram-kanalida Bobur bog‘ida yaqinidagi chinorlar kesib tashlangani haqida post qoldirdi.

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lum qilishicha, inspektorlari tomonidan holat o‘rganildi.

O‘rganish davomida Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 20-uyning qarama-qarshi tomonida noqonuniy ravishda 2 tup chinor — (diametri 62,1 va 61 sm bo‘lgan) daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz Yakkasaroy tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tag qismidan kesib tashlagani aniqlandi.

Ushbu holat bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning
37-moddasi talablari buzilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qaroriga asosan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblanganida 191,4 mln so‘mni tashkil etdi.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organiga yuborilgani ma’lum qilindi.