Yaqin xorij, shuningdek, o‘zbekistonliklar ko‘p qatnaydigan aksariyat mamlakatlar milliy valyutasi o‘z ramziga ega: Armaniston drami rasman 2001-yildan (amalda 1995-yildan), Ukraina grivnasi 2004-yildan, Ozarbayjon manati 2006-yildan (uning muallifi — avstriyalik dizayner Robert Kalina), Qozog‘iston tengesi 2007-yildan, Turkiya lirasi 2011-yildan, Gruziya larisi 2014-yildan, Qirg‘iziston so‘mi esa 2017-yildan o‘z ramziga ega (hammaga ma’lum va mashhur bo‘lgan dollar va yevro ramzlari haqida to‘xtalib o‘tirishga ham hojat yo‘q). Hatto Afg‘oniston afg‘oniysining ham o‘z ramzi bor.

Yuqoridagi misollarning deyarli barida valyuta ramzini ishlab chiqish bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazilgan va deyarli har safar g‘olib minglab takliflar orasidan tanlab olingan (ba’zan qirg‘iz so‘mining ramzi bilan bo‘lganidek bahsli vaziyatlar kuzatilganini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi).

So‘m uchun alohida belgi ishlab chiqish yangi mavzu hisoblanmasa-da, O‘zbekiston rasman bu jarayonga nisbatan kech qo‘shildi: 2022-yil fevralida Markaziy bank “milliy valyutaning moliya bozorida xalqaro nufuzini oshirish va keng jamoatchilik o‘rtasida tanilishini ta’minlash maqsadida” so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Oradan uch oy o‘tib tanlov yakunlari e’lon qilindi. Ammo bu so‘m o‘z ramziga ega bo‘lishi bilan tugamadi.

Nima bo‘lgandi?

So‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlovga 2022-yilning 8-fevralidan 31-martiga qadar 17 mingdan ortiq ariza kelib tushgan, shundan 54 tasi finalga o‘tgan. Ularni Markaziy bank, Milliy rassomlik va dizayn instituti va Intellektual mulk agentligi (ushbu tashkilot vakillari g‘oliblikka nomzod loyihalarni kontrafaksiyaga tekshirishi lozim edi) vakillaridan iborat hakamlar hay’ati ko‘rib chiqib, Sarvar Jumagaldiyev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgini “so‘mning o‘zi xos timsolini ifoda etgan eng kreativ loyiha” sifatida tanlab olgan, oddiy qilib aytganda, tanlov g‘olibi deb topgan (g‘olibga 15 mln so‘m mukofot puli taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi).

мамаризо нuрмuротов, markaziй bank, so‘m ramzi

Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Botir Zohidov “foydalanuvchilarning bir qismi taklif etilgan (g‘olib deb topilgan — tahr.) variantni ma’qullagani”ni ta’kidlagan bo‘lsa, tarmoqda baribir tanqidiy fikrlar ko‘proq bo‘ldi. Kimdir “so‘m ramzi” sifatida muomalaga kiritilishi kerak bo‘lgan belgini tuyaga o‘xshatgan bo‘lsa, boshqalar unda ilonga o‘xshash jihatlarni ko‘rdi.

Bu orada plagiat masalasi ko‘tarildi — g‘olib ramz Fransiyaning In-Core Systemes kompaniyasi logotipiga o‘xshash ekani faol muhokama qilindi (Tailand va Hindistonda ham logotipi g‘olibnikiga o‘xshash kompaniyalar borligi, bu belgini internetdagi do‘konlardan sotib olish mumkinligi aytildi). Muhokamalar naqadar jiddiy bo‘lganini ularga Adliya vazirligi tomonidan munosabat bildirilganidan ham anglash mumkin.

Bunday fikrlarning yangrashi, hazil-mazax qilinishiga g‘olib deb topilgan ramz bitta suratda namoyish etilgani ham sabab bo‘ldi — nega aynan shu ramz tanlanishi kerakligini, uning ustunliklarini tavsiflovchi, uning turli holatlarda (masalan, do‘kon yo bozor sharoitida, qo‘l bilan yozganda, rangli va oq-qora muhitlarda) qanday aks etishini tushuntiruvchi hujjat yo‘q edi.

Shuningdek, kuzatuvchilar tanlovga shaffoflik yetishmaganini ham alohida qayd etib o‘tdi. “Hay’at nimalar orasidan bu belgini tanlab olganini tushunish uchun ham takliflarning barchasini joylashtirish kerak edi”, — deb yozgandi jurnalist Shuhrat Latipov. “Agar barcha narsa shaffof tarzda o‘tkazilib, kim nima ish bajargani, qanday yo‘nalishda qanday baholar qo‘ygani ochiq ko‘rsatilganida, bunday keskin munosabat ham bo‘lmas edi”, — deya ta’kidlagandi dizayner Temur Sa’diy.

Muhokamalar jarayonida tanlovda qatnashgan qator kompaniya va dizaynerlar o‘z ishlanmalarini e’lon qilgan edi. Xususan, MA’NO Branding kompaniyasi so‘m belgisi bo‘yicha o‘z taklifini tayyorlash jarayonida Markaziy bank o‘tkazgan tanlovda g‘olib chiqqan ramzga o‘xshash belgini tayyorlagani, biroq “qalin uslubda jadval to‘plamiga birlashtirish imkonsizligi uchun” undan voz kechilganini ma’lum qilgan edi.

Endi nima bo‘ladi?

Ko‘p o‘tmay, mamlakat so‘m belgisidan muhimroq masalalarga duch keldi va mavzu unutildi. Faqat 2022-yil iyulida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘m ramzi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalariga (va asosan tanqidlariga) Markaziy bank rahbariyati qanday munosabatda ekanini bilish mumkin bo‘ldi.

“Bir narsani tushunish kerak: biz professionallardan iborat komissiya shakllantirdik — ular Markaziy bank xodimlari emas edi… Tanlov e’lon qildik, minglab turli variantlar keldi. Komissiya ular orasidan ma’lum bir ramzni tanlab oldi. Bu endi shu belgi shu shaklda tasdiqlanadi, degani emas”, — deya tushuntirgandi MB rahbari o‘rinbosari Botir Zohidov. U endi bu “uzoq davom etuvchi, bir necha yilga cho‘ziluvchi jarayon”ga “banknotalar dizayni ustida ishlayotgan chet ellik mutaxassislar” ham jalb qilinishi, “ushbu ramzni maqsadga muvofiq ko‘rinishga keltirish” uchun professionallar bilan ish olib borilishini ta’kidlagandi.

MB rahbari Mamarizo Nurmurotov o‘z so‘zida unga qozoq tengesi ramzi juda yoqishi, ammo uni Yaponiya pochtasi logosiga o‘xshatishlarini eslatib: “Biz hammamiz ham bir-birimizga o‘xshaymiz”, — degandi. U komissiya tomonidan tanlangan variant konstanta emasligi, u professionallar tomonidan qayta ishlanib, so‘ng yana jamoatchilik e’tiboriga havola qilinishi mumkinligini aytgandi. “Bo‘ldi, shu bilan jarayon tugadi emas — biz ramz ustida shu soha mutaxassislari, professionallari birga ishlaymiz”, — degandi MB raisi.

Ammo hozir jarayon to‘xtab qolgan. Markaziy bank “Gazeta.uz” so‘roviga shunday javob berdi: “G‘olib aniqlangan, lekin bu o‘sha g‘olib belgi qabul qilindi degani emas. Uning ustida ishlash kerak. Biror yangilik bo‘lsa, o‘zimiz e’lon qilamiz”.

Shunday qilib, “O‘zbek so‘mi 30 yil deganda o‘z ramziga ega bo‘ldi” degan sarlavhalarga hali erta (darvoqe, so‘m 30 ga to‘lishiga hali yana to‘liq bir yil bor). Ammo ba’zi tashabbuskorlarning rasmiy hujjatlarni kutib o‘tirgisi yo‘q — ular o‘tgan yilgi tanlov bahona e’lon qilingan ayrim konseptlardan keng foydalanishni boshlab yuborgan. Kim bilsin, balki o‘zbek so‘mining belgisi ham arman drami yo Rossiya rubli ramzining tarixini takrorlar — avval xalq ichida to‘liq tanilib, so‘ng rasmiy maqom olar?