O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov 2-iyun kuni regulyatorning 2022-yilgi faoliyati yuzasidan Senat oldidagi hisoboti bo‘yicha chiqishida AQSh dollaridagi bank depozitlari darajasining pasayishiga izoh berdi.

Senator Shavkat Jalolov yil boshidan buyon aholining banklardagi omonatlari hajmi 1,7 barobar oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, depozitlar tarkibida bir yildan ortiq muddatga qo‘yilgan xorijiy valyutadagi depozitlar qoldig‘i 2021-yilga nisbatan 9 foizga kamaygan bo‘lsa, talab qilib olinguncha depozitlar 9 foizga oshgan. Uning fikricha, aholining aksariyati valyutani o‘z uyida saqlaydi va “bank omonatlariga qiziqmayotganga o‘xshaydi”. U Markaziy bank rahbaridan aholining banklarga ishonchi darajasini baholashni so‘radi.

“Buni ikkita fakt bilan izohlash mumkin. Dollarizatsiya darajasi [pasaygani] haqida allaqachon gapirib o‘tdim. Valyuta kursining kichik darajada tebranishi saqlanib qolishi va [so‘mli] depozitlar bo‘yicha stavkalarning 20−21 foiz darajasida jozibador ekani aholida xorijiy valyutadagi depozitlardan mablag‘larni olib, so‘m depozitlariga o‘tkazishga qiziqishni oshirmoqda. Biz buni amalda ko‘rib turibmiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmuratov buni yaxshi tendensiya deb atadi.

“Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi qo‘lida deyarli 12 milliard dollar bor. Biz bu mablag‘larning barchasini jalb qila olmaymiz. Ammo banklarga pul o‘tkazish tendensiyasi kuzatilmoqda, dollarni so‘mga o‘tkazib, muddatli depozitlarga joylashtirish jarayoni boshlandi. Bu bizni xursand qiladi. Bu banklarning resurs bazasi uchun ham foydali, ularning so‘mda kredit berish imkoniyatlarini oshiradi”, — dedi u.

Talab qilib olinguncha depozitlar hajmining oshishiga kelsak, uning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy vaziyat tufayli O‘zbekistonda hisobvaraq ochgan norezidentlar soni 60 mingdan oshdi. Ular bank hisoblariga 892 million dollar ekvivalentida mablag‘ joylashtirgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha real foiz stavkalari (inflyatsiyaga nisbatan) jismoniy va yuridik shaxslar uchun mos ravishda 7,1 foiz va 4,1 foiz darajasida bo‘ldi. Natijada banklardagi so‘m depozitlari qoldig‘i 2021-yilga nisbatan qariyb 1,4 barobarga oshib, 131,8 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar depozitlari qoldig‘i 1,5 barobarga — 45,2 trillion so‘mgacha, yuridik shaxslarning omonatlari qoldig‘i esa 1,3 barobarga (86,6 trillion so‘mgacha) oshdi.

“Bu, o‘z navbatida, xalqaro moliya bozorlarida moliyaviy resurslar narxi oshib borayotgan sharoitda banklar tomonidan iqtisodiyotni uzluksiz moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ichki imkoniyatlarni kengaytiradi. Milliy valyutadagi depozitlarning jozibadorligi va kursning nisbatan barqarorligi dollarlashuv darajasini pasaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi hisobotda.

2022-yilda iqtisodiyotdagi kreditlarning dollarlashuv darajasi 2 foiz punktga kamayib, 45,6 foizni tashkil etgan, depozitlarning dollarlashuv darajasi esa 4,7 foiz punktga — 34,2% gacha kamaygan.