O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlar sohasida “nol chiqindi” (zero waste) tamoyillari asosida yangi tartib va mexanizmlar joriy etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 31-maydagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga 1-sentabrga qadar maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish dasturi loyihasini hukumatga kiritish topshirildi.

Farmonda maishiy chiqindilarni turlariga qarab alohida-alohida yig‘ish va olib chiqib ketish nazarda tutilgan.

Sohaga aylanma (sirkulyar) iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish rejalashtirilgan — yangidan hosil
bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash (recycling) yoki kuydirish kerak.

Farmonda barcha mavjud poligonlarda chiqindilarni to‘liq qayta ishlash va kuydirishga bosqichma-bosqich erishish ko‘zda tutilgan.

Chiqindilarni kuydirish natijasida olingan issiqlik yoki elektr energiyasining ortiqcha qismi to‘lov hisobiga, shu jumladan, “yashil tarif”dan foydalangan holda mavjud energiya-kommunikatsiya tarmoqlarida aholi va ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltiriladi.

Yangi tizim samaradorligini oshirish uchun davlat budjetidan “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

1-sentabrdan bir yil muddatga Asaka tumani, Buxoro va Termiz shaharlarida chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha eksperiment joriy etiladi.

Farmonda chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlangan. Chiqindilarni qayta ishlash, ularni tozalash va bo‘shatilgan yer uchastkalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga poligon hududlarini ijaraga berish Ekologiya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.