Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Qatar sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatga keladi. Oliy darajadagi muzokaralar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Muloqotda O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bunda, eng avvalo, faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini ham muhokama qiladi. Uchrashuv yakunida salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Qatar amirining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yildan ziyod tarixida birinchisi bo‘ladi.