4-iyun kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Junariq” mahallasidagi ayrim xonadonlarni suv bosdi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Mahallaning Junariq ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi Salar kanalida suv oqimining me’yoridan ortiq oqishi sababli suv o‘zandan toshib ketgan. Oqibatda ko‘chadagi 7 ta uy yerto‘lasi (poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 ta xonadon), hovlisi va 3 ta ishlab chiqarish sexi hududiga suv to‘plangan.

Voqea joyiga FVV va Toshkent shahri FVB rahbariyati boshchiligida qutqaruvchilar yetib borgan. Aholi xonadonlariga suv toshish holati to‘liq to‘xtagan. 9 ta maxsus texnika, 7 ta suv tortish moslamasi (motopompa), 4 ta vodovoz yordamida qoldiq suvlarni tortish ishlari amalga oshirilgan.

“Voqea Jun kanalining hamda Chilonzor tumani Seul ko‘chasidagi Bo‘rijar kanalining suv olish inshootlari noma’lum sabablarga ko‘ra yopilgani hamda Salar kanaliga to‘liq suv ochilgani bois yuzaga kelgan”, — deyiladi shahar hokimligi xabarida.

Toshkent viloyati Bo‘zsuv irrigatsiya tizimlari boshqarmasi holat haqida Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi va FVBni ogohlantirmagan.

Hodisa oqibatida jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, uylarning devorlariga zarar yetmagan, deyiladi xabarda.