25-may kuni Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida maktab bitiruvchisi Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgani xabar berilgandi. Uning jasadi 3-iyun kuni topildi, deya ma’lum qildi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

O‘sha kuni tumandagi maktablarning birining bitiruvchilari “Paxtakor” mahallasi hududidan oqib o‘tadigan Katta Farg‘ona kanaliga cho‘milish maqsadida borgan. Ulardan biri esa cho‘milish vaqtida suvdan qaytib chiqmagan.

3-iyun kuni soat 18:20 da FVB maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi g‘avvos-qutqaruvchilari tomonidan Oltiariq tumani Tinchlik shaharchasidan oqib o‘tuvchi janubiy katta Farg‘ona kanalidan uning jasadi topilgan.

Eslatib o‘tamiz, cho‘milish ruxsat etilmagan, taqiqlangan, oqim tezligi yuqori bo‘lgan, chuqur, o‘ziga notanish bo‘lgan suv havzalarida cho‘milmaslik tavsiya etiladi.