Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga Rossiyaga nisbatan cheklovlarni chetlab o‘tgani uchun sanksiyalar kiritmoqchi emas. Bu haqda “RBK” 2-iyun kuni “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” yig‘ilishida so‘zga chiqqan Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelning so‘zlariga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hozirda chetlab o‘tish xavfini kamaytirish uchun 11-sanksiyalar paketini muhokama qilmoqda va choralar “Rossiya harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlovchilarga” mo‘ljallangan.

“Biz eksterritoriallik tamoyilini qo‘llamaymiz va, eng muhimi, biz butun dunyodagi barcha hamkorlarimiz bilan faqat muloqot orqali ishlamoqchimiz”, — degan u.

Yevropa Kengashi rahbarining qayd etishicha, aynan shu maqsadda YeI tomonidan sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil Devid O’Sallivan tayinlangan, u mintaqa davlatlari vakillari bilan uchrashadi va ular bilan sanksiyalarga oid masalalarni muhokama qiladi. Xususan, u “hamkorlarni Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermaslikka ishontirishga harakat qiladi, shuningdek, bu cheklovlar ularga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi”.

Sammitning qo‘shma bayonotida sanksiyalar mavzusi bir xatboshi bilan yoritilgan.

“Rahbarlar barcha tomonlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish uchun o‘zaro savdo va investitsiya mexanizmlarini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, ular Yevropa Ittifoqining sanksiya rejimlari muhitida yaqindan muloqot qilish muhimligini qayd etdi”, — deyiladi bayonotda.

Uchrashuv ishtirokchilari Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashayotganidan umumiy xavotirda ekanini bildirgan va u yerni xavfsiz, tinch, barqaror va farovon mamlakatga aylantirish tarafdori ekanini tasdiqlagan. Ular xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni faollashtirishga chaqirgan va BMTning bu boradagi muhim rolini prinsipial ravishda qayd etib o‘tgan.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa Kengashi rahbari inklyuziv va vakillik hukumatini yaratish muhimligini, shuningdek, barcha afg‘on fuqarolarining, xususan, ayollar, qizlar va etnik guruhlarning asosiy erkinliklarini hamda insoniy huquqlarini kengaytirish va hurmat qilish muhimligini ta’kidlagan.

Tomonlar, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga ommaviy da’vat qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlab, internet tarmog‘i orqali terrorizm mafkurasi va targ‘ibotining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan.

Ishtirokchilar, shuningdek, Orol fojiasining mintaqaviy xavfsizlikka salbiy ta’sirini qayd etib, muammoni bartaraf etishning eng maqbul yo‘llarini topish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi haqida fikr bildirgan.

O‘zbekiston tomoni navbatdagi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” yig‘ilishini kelasi yili O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Yevroittifoq talablari bo‘yicha standartlashtirish laboratoriyalari hali yaratilmagan bo‘lsa-da, mamlakat GSP+ rejimini uzaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Shuningdek, u Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish uchun yanada qulayroq tariflar zarurligini ta’kidlagan.

Aprel oyi oxirida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan O‘zbekiston va YeI mamlakat hududidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish, xususan, ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarning reeksporti uchun foydalanilmasligini ta’minlash uchun qanday harakatlar qilayotgani haqida gapirib bergandi.