Toshkentda uchta transport ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda shahar IIBB YHXX matbuot xizmati.

2023-yilning 05-iyun kuni soat 10:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli va Glinka ko‘chalari kesishgan chorrahasida 1992-yilda tug‘ilgan Z.M. boshqaruvida bo‘lgan Lacetti, 1980-yilda tug‘ilgan M.M. boshqaruvida bo‘lgan Malibu 2 hamda 1970-yilda tug‘ilgan S.X. boshqaruvida bo‘lgan Yutong elektr avtobusi ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi.

йтҳ

YTH oqibatida Malibu 2 haydovchisi M.M. tan jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari boshlangan.

“Gazeta.uz” ma’lumotiga ko‘ra, elektrobus 20-aprel kuni yo‘nalishlarga chiqqan yangi partiyadagi avtobuslardan biri.

Elektroavtobusning videoregistrator kamerasidagi yozuvdan ko‘rish mumkinki, yo‘l transport hodisasiga qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan Lacetti haydovchisi aybdor bo‘lgan. Lacetti Malibu bilan to‘qnashgandan keyin, zarb oqibatida, Malibu elektrobusning old qismiga borib urilgan.

“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Lacetti avtomobili svetoforning taqiqlangan ishorasida harakatlangan.