30-may kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vazir so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tug‘uruq komplekslari faoliyati bo‘yicha ko‘plab salbiy fikrlar tarqalayotganiga urg‘u berib, internet tarmog‘i faollarining tizimdagi og‘ir nuqtalarni ko‘rsatib berayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Davlatimiz tomonidan dori-darmon va sarflov materiallari uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilayotgan bir paytda nega homiladorlarga yoki uning qarindoshlari qo‘liga dori-darmon ro‘yxati yozib berilmoqda, deb o‘zimizga savol berishimiz kerak. Tug‘uruq kompleksi rahbarining o‘zi korrupsiyaning tepasida bo‘lsa, hammani bir ko‘zda ko‘rmasa, tanish-bilishchilik qilsa, unda nima bo‘ladi, muassasada nosog‘lom muhit shakllanib, jamoa parokandalikka uchraydi. Aksariyat muassasalar faoliyati yuzasidan kelib chiqqan shikoyatlarning negizida shu omillarni ko‘ryapmiz”, — dedi u.

Shuningdek, Amrillo Inoyatov tug‘uruqlarning aksariyati kesarcha kesish orqali amalga oshirilayotgani, bu operatsiyalarni ayrim muassasalarda faqat bir mutaxassis o‘tkazib, boshqa yosh va mahoratli shifokorlarga imkoniyat berilmasligini ham tanqid qildi. Bunga esa muassasa rahbarining aralashuvi sabab, deb hisoblaydi u.

“Videomuloqotda ko‘tarilgan yana bir muhim yo‘nalish — tibbiyotning barcha sohalari xodimlari uchun zarur bo‘lgan etika-deontologiya masalalari bo‘ldi. Bemor murojaat qilib kelganda „seni noto‘g‘ri davolabdi, xato operatsiya qilibdi, endi men to‘g‘rilayman“ degan nosog‘lom qarash bilan kurashish zarurati haqida to‘xtalib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, muassasaning registratura va qabul bo‘limlari xodimlari uchun kommunikativ standartlar, bemor holatining yomonlashuvi yoki yaqinlarining noroziligiga sabab bo‘luvchi harakatlardan tiyilishda amal qilish lozim bo‘lgan me’yorlar haqida ma’lumot berilgan.

Yig‘ilish yakunida faoliyati bo‘yicha ko‘p e’tiroz kelib tushayotgan muassasalar rahbarlari keskin tanqid qilinib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar qat’iy ogohlantirilgan.