Turkiyada 28-may kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida hisoblangan 97,73 foiz ovozlar bo‘yicha Rejep Tayyip Erdog‘an 52,15 foizlik natija bilan g‘alaba qozondi. Uning raqibi Kemal Qilichdaro‘g‘li 47,85 ovoz to‘pladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni telefon orqali muloqotda Turkiya prezidenti Erdog‘anni bugun bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida erishgan ishonchli, tarixiy g‘alabasi bilan samimiy qutladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

“Saylovning ikkinchi turida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi va ovoz berish natijalari qardosh Turkiya xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlayotganining ishonchli ifodasi ekani qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash maqsadida barcha darajalarda faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.