O‘zbekistond Tabiat resurslari vazirligi hamda Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) o‘rtasida Jizzax viloyatida tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish va poligonlardan chiqayotgan gazlarni ushlab qoluvchi obyektlarni qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

6,6 mln dollar miqdoridagi grant ajratilgan loyiha doirasida 500 kVt-1 MVt quvvatga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yig‘ish inshooti va 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin bo‘lgan chiqindi gaz yig‘ish tizimi quriladi.

Shuningdek, kuniga 5−10 tonna tibbiyot chiqindilarni yoqish inshootini o‘rnatish, moddiy texnik bazani mustahkamlash maqsadida maxsus texnikalar va boshqa qurilmalar xarid qilish rejalashtirilgan. 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi, 5 ta yangi poligon qurish ham belgilangan.

Yangi qurilgan poligonlarga tibbiyot chiqindilarini yoqish usuli bilan yo‘q qilish uskunasi, kompost qilish uskunasi, konteynerlar va maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, kelgusida KEITI`ning Toshkentdagi ofisini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur ofis butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy markaz sifatida xizmat qiladi.