Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida faoliyat yurituvchi bloger Elmurod Odilov fermerlar ishiga aralashgani uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmat xabar bermoqda.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, 26-may kuni taxminan soat 22:30 atrofida Yakkabog‘ tumani “Ibn Sino” MFY hududidagi pilla mahsulotini saqlash omborxonasiga pillalarni qabul qilib olish jarayoni vaqtida o‘zini Elmurod blog deb tanishtirgan fuqaro Elmurod Odilov kelgan.

“Shu yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan. Ushbu jarayonda bloger fermerlarni haqorat qilgan”, — deyiladi IIB xabarida.

Pilla yetishtiruvchi fermerlar blogerning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Odilovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning qator moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Daryo nashri esa bloger avvaliga pilla punktida Ichki ishlar xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida yozdi. Sayt muxbiri kaltaklangan bloger katta ehtimol bilan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Fozil Xidirovning yoshlar yetakchilariga bergan topshiriqlari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishini yoritishga uringani, biroq to‘siqqa uchraganini aniqlagan.

“Fozil Xidirov tumandagi barcha yoshlar yetakchilariga murojaat qilib, bloger kaltaklangani aytilayotgan yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rib borishlari kerakligini, hamma safarbarlik chaqiruvchi rezerviga bir nafardan fuqaroni jalb qilib, shartnoma pulini to‘latib borishi kerakligini uqtirgani, buni qilmaganlar ishdan bo‘shatilishi mumkinligini aytgandi”, — deyiladi xabarda.

bloger, қашқадарё

Foto: Daryo

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudining 27-maydagi qaroriga ko‘ra 1988-yilda tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan Elmurod Odilov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 198-moddasi (Hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan.

Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lumot berishicha, birovning pulini olib, jamoatchilik nazoratini suiiste’mol qilgan va janjal evaziga mavhum manfaatlarga erishmoqchi bo‘lgan bloger sud qarori bilan shu tarzda jazolangan.

Oliy sud xabarida ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqli ekani eslatib o‘tildi.