MTO texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo majmuasi (Methanol to Olefin, metanoldan etilen va propilen sintezi) Amerikaning Air Products kompaniyasi bilan metanol ishlab chiqarish zavodini qurish maqsadida gazni sanoat darajasida qayta ishlash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga MTO GKM matbuot xizmati xabar berdi.

“Metanol oroli” nomi bilan tanilgan ushbu inshoot yiliga 1,34 million tonna quvvatga ega bo‘ladi va O‘zbekistonda metanoldan olefin ishlab chiqarish buyicha gaz-kimyo kompleksi tarkibiga kiradi, deya qo‘shimcha qildi kompaniya.

obyekt O‘zbekistonning Buxoro viloyatidagi “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida 15 gektar maydonda quriladi. Rejalashtirilgan foydalanishga topshirish muddati 2025-yil, ekspluatatsiya muddati esa 25 yil.

Hisobotda qayd etilishicha, ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida ishlaydigan O‘zbekistondagi MTO gaz-kimyo kompleksi mamlakatda qazib olinib, qo‘shilgan qiymat ko‘rsatkichlari past bo‘lgan tabiiy gazni yuqori darajadagi qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida chuqur qayta ishlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga ishlab chiqarish quvvati 1,1 mln tonnadir.

MTO GKM quyidagilarni ishlab chiqaradi:

  • sun’iy tolalar, elektrotexnika va avtomobil qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan polipropilen (yiliga 250 ming tonna);
  • quvurlar, izolyatsion materiallar, qadoqlash va oziq-ovqat plyonkalari ishlab chiqarish uchun xomashyo bo‘lgan past zichlikdagi polietilen (yiliga 80 ming tonna);
  • pol qoplamalari, poyabzal va sport anjomlari ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan etilenvinilatsetat (yiliga 100 ming tonna);
  • polietilentereftalat (yiliga 300 ming tonna), undan konteynerlar, plyonkalar va sintetik tolalar ishlab chiqarish uchun ham foydalanish mumkin;
  • yuqori zichlikdagi polietilen (yiliga 280 ming tonna), undan quvur va armatura, bochkalar va yonilg‘i qutilari, muzlatgich idishlari, xavfsizlik shlemlari va mebel jihozlari ishlab chiqarish uchun foydalaniladi.

Korxonaning ta’kidlashicha, zavod metanol, vodorod va boshqa texnik gazlar, xususan, kon-kimyo kombinati ishlab chiqarish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan kislorod va azot bilan barqaror ta’minlanadi.

“Biz dunyoda sanoat gazlarini ishlab chiqarish sohasi yetakchisi bo‘lgan Air Products kompaniyasi bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Air Products yuqori sifat va talab qilinadigan mahsulot hajmini kafolatlay oladigan, samaradorligi isbotlangan yechimlarning ishonchli ta’minotchisi sifatida o‘zini namoyon qilib ulgurgan. Kompaniya investitsiyalari xalqaro ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekistondagi sanoat rivojlanishi bilan bog‘liq imkoniyatlarga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini namoyish etadi”, — dedi MTO gaz-kimyo kompleksi bosh direktori.

Zavod qurilishi yakunlangach, “metanol oroli” hududida vodorod, kislorod va azot ishlab chiqariladigan vodorod ishlab chiqarish va havo ajratish qurilmalari, sintetik gaz ishlab chiqarish va uni metanolga aylantirish uchun mo‘ljallangan metanol qurilmasi ishlab chiqarish quvvatlari joylashadi. Jarayon Haldor Topsoe texnologiyasiga asoslangan, deyiladi xabarda.