Raqqosa, o‘zbek raqs san’atida o‘z maktabini yaratgan “O‘zbekiston xalq artisti” Qizlarxon Do‘stmuhammedova 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

U 1946-yil 25-oktabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1965-yilda Toshkent davlat universitetini, 1977-yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi San’at va madaniyat instituti) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1965-yilda O‘zbek davlat filarmoniyasi balet solisti sifatida boshlagan va 1989-yilga qadar faoliyat olib borgan. Keyinroq “O‘zbekiston” teatr-studiyasi solisti (1989−1991), Toshkent davlat madaniyat instituti, “Xalq musiqasi” kafedrasi o‘qituvchisi (1991−1995), xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida (1999−2005) faoliyat yuritgan.

Qizlarxon Do‘stmuhamedovaning “Go‘zal”, “Tong malikasi”, “Go‘zal tong”, “Intizor”, “Buxoro yulduzi”, “Sevgi taronasi”, “Nozli” kabi zamonaviy, shuningdek, “Munojot”, “Tanavor”, “Mo‘g‘ulchai segoh”, “Qorako‘zim”, “Guluzorim”, “Savti miskin” kabi mumtoz raqslari mashhur.

“Shashmaqom” telefilmida qatnashgan (1972), “Tanavor” raqs ansambli (Sietl, AQSh)da o‘zbek raqslarini sahnalashtirgan. AQSh Liviya, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi mamlakatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan.

Do‘stmuhamedova ijodiga bag‘ishlab “Nafosat guldastasi” nomli film ishlangan (1985). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (2000).