Frankfurt-Mayn hududiy sudi Germaniyada rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga tegishli obyektlarda o‘tkazilgan tintuvlarni noqonuniy deb topdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.

O‘zbekiston elchixonasi nomidan ish ko‘rayotgan advokatlar Peter Gauvayler (Peter Gauweiler) va Tomas Fisher (Thomas Fischer) ma’lumotlariga ko‘ra, sud O‘zbekiston fuqarosi Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvishda gumon qilish bo‘yicha asoslar yo‘qligi to‘g‘risida qaror chiqargan va shu munosabat bilan shahar prokurori tasdiqlagan tintuv noqonuniy deb topilgan, order esa bekor qilingan.

Gap 2022-yil 15, 16 va 21-sentabr kunlari ko‘chmas mulk obyektlari, shuningdek, 2022-yil 21-sentabrda “Dilbar” (Dilbar) motorli yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar haqida bormoqda.

Frankfurtdagi sud instansiyasiga fikriga ko‘ra, tintuvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror “ochilishi kerak bo‘lgan jinoyat tavsiflariga qo‘yilgan minimal talablarga javob bermaydi”.

Advokatlar Germaniya hukumati yetkazilgan zararni qoplashiga hamda avvalroq davlat idoralariga tayangan holda tintuvlar o‘tkazilgani haqida xabar tarqatgan matbuot organlarini Frankfurt-na-Mayn sudi qaroridan xabardor qilishiga umid bildirishdi.

Alisher Usmonov Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan edi. Forbes 2022-yil aprel oyida uning boyligini 11,5 mlrd dollarga baholagan. Tintuvlar o‘tkazilayotgan paytga qadar Germaniya Federal Jinoyat boshqarmasi (BKA) xodimlari Usmonov bilan bog‘liq operatsiyalarda banklardan pul yuvishda gumon qilingani to‘g‘risida yuzga yaqin ma’lumot to‘plashgan edi.

Tadbirkorning vakili jurnalistlarga uning aybsizligini, Rossiyada soliq to‘lab, xayriya ishlari bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Der Spiegel nashrining qayd etishicha, nemis rasmiylari milliarderni Germaniyada soliq to‘lovchi deb hisoblashgan, chunki urushdan oldin u asosan Bavariyadagi Tegernze ko‘lidagi qarorgohida yashagan.