O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi. 25-may kuni mamlakatdagi 10 mingdan ortiq maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” yangraydi. Joriy yilda 392 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qiz maktabni tamomlamoqda.

“Barchangizni yetuklik shahodatnomasini qo‘lga olib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman”, — dedi davlat rahbari.

“Sizlarni zamonaviy ta’lim olib, kasb-hunar o‘rganib, jamiyatimizda munosib o‘rin egallashingiz uchun yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda”, — dedi u.

“Hech shubhasiz, o‘z bilim va iste’dodini vatanimizga munosib farzand bo‘lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog‘lagan siz kabi yoshlar — yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev “bugun vatan taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanganini” ta’kidlab, ta’lim sohasi rivojiga oid qator raqamlarni keltirdi: o‘tgan yili 807 ta maktab qurilib, ta’mirlandi, 40 ming dona zamonaviy kompyuter, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berildi. Respublikada 210 ta oliy o‘quv yurti, 330 ta kasb-hunar maktabi, 400 ga yaqin kollej va texnikumlar, 154 ta universitetda masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yilgan va 15 ta universitet — masofaviy ta’lim, monomarkazlar, IT va texnoparklar tashkil etilgan. Ularda yoshlar zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, tadbirkorlik faoliyatini o‘rganmoqda.

“Bugun maktabni tugatib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e’tiborida bo‘ladi”, — dedi prezident.

“Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib o‘rningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz”, — dedi u.

“Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: tinimsiz o‘qib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo to‘xtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qat’iy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta, kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.