Turkmanistondagi “Galkinish” gaz konida gazni oltingugurtdan tozalash moslamalari ishlamay qoldi. O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “Markaziy Osiyo — Xitoy” gaz quvuri liniyasidan katta miqdorda oltingugurt bilan ifloslangan gaz chiqib ketdi, deya xabar berdi turkmen.news portali yaqinda “Turkmengaz” konsernidagi manbasiga tayanib.

Nashrning yozishicha, 17-mayga o‘tar kechasi Xitoyning CNPC kompaniyasi mutaxassislari Turkmanistonning O‘zbekiston bilan chegarasida tovar gazida oltingugurt borligini aniqlagan. Tekshiruvda gaz quvuriga tozalanmagan gaz quyilib, bir necha kundan beri Xitoyga yuborilgani aniqlangan.

Sayt oltingugurtli gaz quvurlarga zarar yetkazayotgani va bir necha kun davomida gaz quvurining O‘zbekistondan o‘tgan 80 km lik qismida sizib chiqishlar qayd etilgani haqida yozdi. CNPC go‘yoki Turkmanistondan voqeaga javob berishni va aybdorlarni jazolashni talab qilgan. Kelgusida Xitoy tomoni go‘yoki tovon undirish niyatida.

Turkmen.news nashrining yozishicha, gaz tozalash inshootlarining ishdan chiqishiga reaktivlar va ehtiyot qismlarning o‘z vaqtida xarid qilinmagani, mutaxassislar yetishmasligi sabab bo‘lgan.

“Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, O‘zbekiston Energetika vazirligi gaz sizib chiqishi holati haqidagi ma’lumotni rad etdi.

“Biz tomondan tranzit jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda. Barcha ko‘rsatkichlar muntazam ravishda tekshiriladi. Hech qanday uzilishlar yo‘q. Bizning tizimlarimizda aytilgan sizib chiqish yo‘q. Barcha tizimlar ishlamoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

2023-yilning yanvar oyida anomal sovuqlar tufayli yuzaga kelgan nosozlik natijasida “Galkinish” konidan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish q 10ariyb kunga to‘xtab qolgan edi. Energetika vazirligi O‘zbekiston gaz ta’minotidagi uzilishlar uchun kompensatsiya talab qilganini rad etdi.

“Gazeta.uz” Statistika agentligidan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilning 11 oyi (yanvar-noyabr) davomida O‘zbekiston Turkmanistondan 154,2 mln dollarga 2,26 mlrd kub metr gaz sotib olgan. Dekabr oyida yetkazib berish hajmi 127,7 mln dollarni tashkil etgan (jami 2022-yil uchun — 281,9 mln dollar, bu 2021-yilga nisbatan 82,5 foizga ko‘p). O‘sha oyda prezident Administratsiyasi rahbari Ashxobodga tashrif buyurib, prezident Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashgan va qishki mavsum uchun 1,5 mlrd kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi.