Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 21 yoshli yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining ko‘p xotinli bo‘lish hamda 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddalari bo‘yicha ish ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

Gap shundaki, 2002-yilda tug‘ilgan sudlanuvchi A.T. 2004-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan voyaga yetmagan G.G‘.ga 16 yoshga to‘lmaganini bilgan holda er-xotin bo‘lib yashashni taklif qilgan.

Qizning roziligi bilan ular 2019-yil dekabr oyidan shu kunga qadar er-xotin bo‘lib yashab kelgan, 1 nafar farzandi bor.

Bundan tashqari, A.T. 2006-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan voyaga yetmagan E.E.ga ham er-xotin bo‘lib yashashni taklif qilgan. Uning roziligi bilan 2022-yilning avgustidan dekabriga qadar o‘z xonadonida birga yashagan, ya’ni erkak bir uyda 2 nafar xotin bilan umumiy ro‘zg‘or asosida kun kechirgan.

Sudlanuvchi bu harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-qismi (Ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash) va 128-moddasi 3-qismi “a” bandi (Takroran 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilgan.

Sudlanuvchi A.T. sudda qilmishidan pushaymonligi, ikkala oilasi bilan ularning roziligi asosida yashagani, jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Uning birinchi ayoli G.G‘. sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bunda uning kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash uyidan chiqishi cheklangan.