Qozog‘iston Rossiyaga sanksion tovarlar eksporti bo‘yicha qo‘shimcha xatarlarni boshqarish tizimini joriy qiladi, deb xabar bermoqda LS axborot agentligi.

Bu haqda Qozog‘iston moliya vaziri Yerulan Jamaubayev jurnalistlarning Rossiya G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish yo‘lida Qozog‘istondan foydalanayotgani haqidagi surishtiruviga izoh berar ekan.

Qanday surishtiruv haqida gap ketmoqda?

Avvalroq OCCRP (Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi) “Vajnыye istorii” (Rossiya), Der Spiegel (Germaniya) va “Vlast” (Qozog‘iston) nashrlari bilan birgalikda G‘arbning 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tishga oid qo‘shma surishtiruvni e’lon qilgan edi.

Surishtiruv shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘iston Rossiyaga keyinchalik RF armiyasi va mudofaa korxonalari tomonidan qo‘llaniladigan elektron qismlarni olib kirish uchun “oraliq to‘xtash joyi”ga aylangan.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin Qozog‘istonda sanksiyalar tufayli RFga yetkazib berishni to‘xtatgan ishlab chiqaruvchilardan dron va mikrosxemalarni sotib olib, keyinchalik ularni Rossiyaga jo‘natadigan kompaniyalar ochilgan. Kompaniyalarning egalari Rossiya fuqarolari hisoblanishadi.

Qozog‘iston Moliya vazirligi rahbari mamlakat Rossiyaga dron va mikrochiplar yetkazib bermasligini ma’lum qildi, biroq jurnalistlar surishtiruvida tilga olingan kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni tekshirishga va’da berdi.

“O‘tgan oy AQSh va Yevropadan delegatsiya [Qozog‘istonga] keldi. Agar sanksiyalar ostidagi tovarlar Rossiyaga kirsa, ular ro‘yxatini berishlari haqida kelishib oldik. Ushbu ro‘yxatga ko‘ra, biz to‘g‘riroq va diqqat bilan tekshiramiz. Maqsadimiz sanksiyalar buzilishining oldini olishdir”, — dedi Yerulan Jamaubayev.

Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda shartnomaga ko‘ra, mamlakat RFga “bunday tovarlar” jo‘natmaydi, lekin hukumat “har qanday tadbirkorni ushlab, unga huquqbuzar sifatida qaray olmaydi”.

“Endi risklarni boshqarish bo‘yicha qo‘shimcha tizimini joriy etamiz va agar bu imkoniyat boy berilsa, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Axir bizda deklaratsiya topshirishi kerak bo‘lgan minglab tadbirkorlar bor va balki ular boshqa mahsulot deb ko‘rsatishgandir”, — dedi Jamaubayev.

Aprel oyida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan O‘zbekistonga tashrif buyurgan va YeI Rossiyaning uchinchi davlatlar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishidan xavotirda ekanini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI O‘zbekiston tomoniga Yevroittifoqda ishlab chiqarilgan ikki tomonlama yoki harbiy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar ro‘yxatini topshirgan — bular blok-sxemalar, mikrochiplar, optik jihozlar, masalan, qanotli raketalarda qo‘llaniladigan. O’Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, YeIda so‘nggi paytlarda ushbu ro‘yxatdagi tovarlarning O‘zbekiston hududi orqali eksporti 126 foizga oshgan.

May oyida Reuters Yevropa Ittifoqi Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam berayotgan uchinchi davlatlar, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlayotgani haqida yozgan edi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) o‘zining so‘nggi mintaqaviy sharhida Ukrainadagi urushning Markaziy Osiyo mamlakatlariga kutilmagan ta’sirini qayd etdi. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Markaziy Osiyoda salbiy prognozlardan farqli ravishda iqtisodiy o‘sish kuzatilgan. Buning sabablaridan biri an’anaviy savdo yo‘llarining beqarorlashuvi tufayli Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi tranzit savdosining ortishi bilan bog‘liq.