Samarqand tumanida 12 qavatli mehmonxona noqonuniy qurilgani, binoning seysmik holati talablarga javob bermasligi, kolonnalarning ayrim joylari darz ketgani sababli 2022-yilning may oyida uni buzish bo‘yicha “O‘zog‘irsanoatloyiha” xulosasi berilgandi.

Shu kunlarda esa ijtimoiy tarmoqlarda bu binoning pastki qavatida qahvaxona ish olib borayotgani aytilgan videolar tarqaldi.

Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, vazirlikning viloyat boshqarmasi o‘rganish ishlarini olib borgan. Jarayon davomida binoning 1-qavatida noqonuniy ravishda qahvaxona faoliyat yuritayotgani aniqlangan.

“Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan bu bino bo‘yicha 2022-yilning 6-iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan F.Xalilovga Samarqand tumani „Jo‘yisoy“ MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni o‘z hisobidan buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori mavjud. Bugungi kunda mazkur sud qarorining ijrosi MIBning Samarqand tumani bo‘limi ish yurituvida”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Samarqand tumani qurilish bo‘limi tomonidan 2023-yil 15-may kuni MIB Samarqand tumani bo‘limiga sud qarorining ijrosini ta’minlash bo‘yicha xat yo‘llangan.

Ma’lumot uchun, qurilishi 2012-yilda boshlangan bino 2 qavat yerto‘laga ham ega. Qurilish ishlarida quyidagi qoidalarga amal qilinmagan:

  • muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
  • belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
  • mehmonxona majmuasi obyekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (SHNQ 3.01.01−03`ning 2.4 bandi bajarilmagan);
  • qurilish obyektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
  • Shaharsozlik normalari va qoidalarining (3.01.01−03) 7.8, 9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Uchtepa tumanida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi eskiz loyihasida 3 qavat bo‘lishi ko‘rsatilgani, biroq amalda 12+1 qavat qilib qurilayotgani aniqlangan. Qurilish vazirligi boshqarmasi holatni o‘rganib, binoning qo‘shimcha qismini buzish bo‘yicha sudga da’vo arizasini kiritgan.