O‘zbekiston Oliy Majlisi va Yevropa Ittifoqining Inter Pares global dasturi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha loyiha tatbiq etilmoqda, deya xabar qilmoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Inter Pares — Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash bo‘yicha global dasturi bo‘lib, Demokratiya va saylovga ko‘maklashish xalqaro instituti (IDEA) tomonidan Yevropa Ittifoqiga hamkor mamlakatlar parlamentlarining ekspert ko‘magida amalga oshiriladi.

22-may kuni Toshkentda mazkur loyihaning rasmiy boshlanishiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, Inter Pares global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Vengriya, Slovakiya, Fransiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning milliy parlamentlari vakillari hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlarning diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

Loyihada ishtirok etayotgan 17 ta davlatning qonun chiqaruvchi organi orasida Oliy Majlis Markaziy Osiyo mintaqasi va butun MDH makonidagi mamlakatlardan yagona parlamentga aylandi.

Anjumanda Senat raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlisning xalqaro hamkorligi rivojlanib borayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini asosiy xalqaro hamkor deb biladi. Biz parlament diplomatiyasi sohasidagi sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. Anjuman yakunlari bo‘yicha parlament salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalar ishlab chiqiladi, shuningdek, ilg‘or amaliyotlar va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — deya ta’kidladi Senat raisi.

“Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian Inter Pares loyihasining Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan yagona hamkor sifatida O‘zbekiston parlamenti bilan amalga oshirilayotganiga to‘xtalib, keyingi yillarda mamlakatda jamiyatni demokratlashtirish, inson huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yo‘nalishlardagi ortga qaytmas islohotlar va ularning natijalari bilan izohlanishini ta’kidlab o‘tdi”, — deyiladi xabarda.

Anjuman sessiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Ularda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlarining faoliyat ko‘lamidan kelib chiqib, parlament funksiyalariga amaldagi yondashuvlar va hamkor mamlakatlar parlamentlari tajribasi o‘rganildi.

Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar mahalliy budjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar bilan ishlash kabi mavzularda o‘zaro fikr almashadilar.