Qoraqalpog‘istonda suv tanqisligi va sholi yetishtirish maydonlarni chegaralash rejalashtirilayotgani sababli sholi yetishtirish hajmi 2,5 barobarga qisqarishi prognoz qilinmoqda. Bu Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan va 31-mayga qadar muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Loyiha “suv tanqisligi sharoitida Qoraqalpog‘iston Respublikasida sholi ekinlarini yetishtirishda boshqa suv iste’molchilarining manfaatlarini himoya qilish, suvni oqilona taqsimlanishini ta’minlash, shu bilan birga, aholini arzon va sifatli guruch mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida” ishlab chiqilgan.

O‘tgan yilning avgust-sentabr oylarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 19 ming 45,6 gektar maydonda noqonuniy sholi ekish holatlari aniqlangan. Ushbu yer uchastkalariga 304 mln kub metr suv limitdan ortiq va shartnoma tuzilmasdan yetkazib berilgan. Oqibatda aholi, fermer va dehqonlar manfaati katta zarar ko‘rgan, milliardlab so‘mlik suv soliqlari undirilmagan.

Hududda suv tanqisligining asosiy sabablaridan biri qishloq xo‘jaligi sohasida nazoratning yo‘qligi va harakatsizlikdir, deyiladi hujjat loyihasida.

Kelgusida dehqon va fermerlarning noroziligiga yo‘l qo‘ymaslik, sholi maydonlari hajmi va zaxirasini to‘g‘ri aniqlash, yer va suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash, suiiste’mollikka yo‘l qo‘ymaslik rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, sholizorlarni faqat uchta chekka hududda — Bo‘zatov, Mo‘ynoq va Taxtako‘pirda joylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu sholi yetishtirilmaydigan boshqa hududlarda norozilik va suvni isrof qilishning oldini olish uchun amalga oshiriladi, deyiladi loyihada.

Hujjatda boshqa viloyatlar dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda boshqa tashkilotlar (korxonalar, muassasalar, klasterlar, birlashmalar va kooperativlar)ga qishloq xo‘jaligi yerlaridan ushbu uchta hududda sholi ekish uchun shartnoma asosida foydalanish imkoniyatini berish bo‘yicha tanlov komissiyasini tashkil etish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ajratilgan joylarga noqonuniy sholi ekishning oldini olish maqsadida hududiy ishchi guruhlari va respublika shtablari tashkil etiladi.

guruch, sholi, қорақалпоғистон

Aholining sholi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda, sholi maydonlarini 20 ming gektar bilan cheklab, undan 60 ming tonna sholi yig‘ishtirib olish kutilmoqda. Garchi 2023-yilga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari prognoz hajmlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 147,25 ming tonna, ya’ni prognoz ko‘rsatkichidan qariyb 2,5 barobar ko‘p sholi yetishtirish kutilgan edi.

Umuman olganda, 2023-yilda O‘zbekistonda 528,2 ming tonna, jumladan, Xorazm viloyatida 144,65 ming tonna guruch yetishtirish rejalashtirilgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi g‘alla qabul qiluvchi korxonalarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ular fermerlar bilan har gektardan 25 sentnerdan sholi yetkazib berish va 10 foizlik qo‘shimcha to‘lov bilan mahsulot sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzishi kerak bo‘ladi.