Yaponiyaning Xirosima shahrida “Katta yettilik” (G7) sammiti yakuniga yetdi. Uch kun davomida — 19-maydan 21-maygacha — AQSh, Yaponiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya rahbarlari turli mavzularni, jumladan, Ukrainadagi urush va sun’iy intellekt masalasini muhokama qilishdi. “Gazeta.uz” sammitning asosiy natijalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tadi.

Ukraina

Sammitda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shaxsan ishtirok etdi va unda nutq so‘zladi. Sammit doirasida u G7 yetakchilari va G7ga taklif etilgan yana sakkiz davlat rahbarlari bilan uchrashdi.

Yakuniy kommyunikeda G7 yetakchilari Ukrainani “qachon kerak bo‘lsa” “doimiy qo‘llab-quvvatlashini” e’lon qildi. Hujjatda aytilishicha, G7 davlatlari Ukrainaga diplomatik, moliyaviy, gumanitar va harbiy yordamni kuchaytirish majburiyatini olgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainaga yangi 375 mln dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu yordam HIMARS uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari, Javelin va AT-4 tankga qarshi tizimlari va boshqa jihozlarni o‘z ichiga oladi.

Sammitning asosiy yangiligi AQSh ukrainalik uchuvchilarni Amerikaning F-16 samolyotlarini boshqarishga o‘rgatishini ma’qullagani bo‘ldi. Bu qaror ittifoqchilarga ushbu samolyotlarni Ukrainaga yuborish imkonini beradi. Avvalroq Ukraina AQShdan F-16 ni topshirishni bir necha bor so‘ragan, biroq rad javobi berilgan edi.

Xitoy

Sammitda Ukraina mavzusi ustunlik qilgan bo‘lsada, G7 yetakchilari kutilmaganda Xitoy bo‘yicha ham bayonot berishdi. Ular Xitoyning “rivojini orqaga surishga” intilmaganliklarini qayd etishdi, biroq “xalqaro qoidalar asosida o‘ynashga” chaqirdilar.

G7 davlatlari “muhim ta’minot zanjirlarimizda [Xitoyga] haddan tashqari tobelikni kamaytirishga” va’da berishdi, shuningdek, Xitoyning “nobozor” siyosati va global iqtisodiyotga zarar yetkazayotgan amaliyoti tufayli yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar — bu birinchi navbatda “texnologiyalarning noqonuniy uzatilishi” va “ma’lumotlarni oshkor qilish”ga tegishli.

G7 yetakchilari Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi vaziyatdan ham “jiddiy xavotir” bildirishdi. Ular “kvo-maqomni kuch yoki majburlash yo‘li bilan o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarga” qarshi ekanliklarini bildirdilar va Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatni “tinch yo‘l bilan hal qilishga” chaqirdilar.

Bundan tashqari, “Katta yettilik” Xitoyni Rossiyaga “harbiy tajovuzni to‘xtatish” va qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketish uchun “bosim ko‘rsatishga” chaqirdi.

Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi G7ning yakuniy rasmiy bayonotini “qat’iy qoraladi” va Xitoy “bir necha kishi tomonidan o‘rnatilgan qoidalarni hech qachon qabul qilmasligini” ta’kidladi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

G7 Rossiya va uning asosiy sanoat tarmoqlarida ishlayotgan Rossiya fuqarolariga nisbatan sanksiyalarni kengaytirishga va’da berdi.

“Biz Rossiyani G7 texnologiyasidan, sanoat uskunalaridan va uning harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlardan mahrum qilamiz”, — deyiladi bayonotda.

G7 yetakchilari “uchinchi davlatlar bilan o‘zaro aloqada ekanliklarini, ular orqali Rossiyaga cheklangan G7 tovarlari, xizmatlari yoki texnologiyalari yetkazib berilishini” aytishdi. Shuningdek, ular uchinchi davlatlar tomonidan Rossiyaga qurol yetkazib berilishiga qarshi kurashni kuchaytirish niyatida va ularga qarshi choralar ko‘rilishiga ishontirishgan.

Sammit davomida AQSh rasmiylari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilib, 100 dan ortiq kompaniya, o‘nlab jismoniy shaxslar va 1000 dan ortiq tovarlarni qora ro‘yxatga kiritdi.

Sun’iy intellekt

G7 yetakchilari qo‘shma bayonotda sun’iy intellekt va metaborliq kabi immersiv texnologiyalar jadal rivojlanayotganiga qaramay, ulardan foydalanish va amalda qo‘llanilishini tartibga soluvchi xalqaro qoidalar “ular bilan qadamma-qadam bormayotganini” tan olishdi.

Ular yangi texnologiyalar barcha sohalarda rivojlanish va innovatsiyalar uchun imkoniyatlar taqdim etsa-da, ularning afzalliklari bilan bir qatorda, muammolarini ham hisobga olish kerakligini ta’kidladilar.

Bayonotda aytilishicha, yangi texnologiyalar “umumiy demokratik qadriyatlar, jumladan, javobgarlik, xavfsizlik, onlayn ta’qiblardan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlikka hurmat va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish asosida boshqarilishi kerak.