Rossiyaning Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina Qurolli kuchlarining diversiya-razvedka guruhi viloyatning Grayvoronskiy tumani hududiga kirganini ma’lum qildi.

“RF Qurolli kuchlari Chegara xizmati, Rossiya gvardiyasi va „FSB“ bilan birgalikda dushmanni yo‘q qilish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u. Bundan oldinroq Vyacheslav Gladkov Ukraina Qurolli kuchlari ertalabdan beri Graivoronskiy shahar okrugini o‘qqa tutayotganini ham aytgan edi.

Bir necha soat oldin, 22-may kuni “Rossiya Ozodligi” legioni (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining rossiyalik ko‘ngillilardan tuzilgan harbiy qismi) va Rossiya ko‘ngillilar korpusi (shuningdek, Rossiyaga qarshi urushda Ukraina tomonidan qatnashayotgan ruslar ham bor) “Belgorod viloyati Kozinka qishlog‘ini to‘liq ozod qilganliklarini” e’lon qildilar.

Oradan bir yarim soat o‘tgach, kanalda yangi post paydo bo‘ldi: “Gora-Podol (Grayvoronskiy tumanidagi qishloq — tahr.) ortda qoldi! RKK bilan legion Belgorod viloyatidagi Grayvoron aholi punktiga hujumni boshladi”.

Bungacha legion chegara hududlari aholisiga murojaatnomani e’lon qilgan edi: “Uyda qoling, qarshilik ko‘rsatmang va qo‘rqmang: biz sizning dushmaningiz emasmiz. Putin zombilaridan farqli o‘laroq, biz tinch aholiga tegmaymiz va ulardan o‘z maqsadlarimiz uchun foydalanmaymiz. Ozodlik yaqin!”

Dushanba kuni RF hududiga “hamla” qilgan Rossiya ko‘ngillilar korpusining Telegram-kanalida “RKK jangchilari Rossiyaga qaytdi”, deya xabar qildi.

Belgorod viloyatidagi vaziyat bo‘yicha Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi “Suspіlne” nashriga izoh berdi.

“Rossiya ozodligi” legioni va Rossiya ko‘ngillilar korpusi Belgorod viloyati hududida Ukraina tinch aholisini himoya qilish uchun “xavfsiz zona” yaratish bo‘yicha operatsiya o‘tkazmoqda", — deya ma’lum qildi boshqarma matbuot kotibi Andrey Yusov. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya faqat Rossiya fuqarolari tomonidan amalga oshirilmoqda.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Vladimir Putinga “Ukrainalik diversantlarning Belgorod viloyatiga bostirib kirishga urinishi” haqida xabar berilgan.

“Rossiya hududidan ukrainalik diversantlarni siqib chiqarish va bu qo‘poruvchilik guruhini yo‘q qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, voqea joyida yetarli kuch va vositalar mavjud”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.