Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan alkogol mahsulotlari uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida loyiha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yildi.

Qayd etilishicha, bunda 2023-yil 1-iyundan alkogol mahsulotlari uchun eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlari oshirilishi ko‘zda tutilgan. Oxirgi marta alkogol mahsulotlarining eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlari 2021-yil 1-dekabrda oshirilgan.

Shu tariqa 1 litr alkogol mahsulotlari uchun quyidagi eng kam ulgurji-sotish/chakana narxlar belgilanmoqda:

  • aroq va boshqa alkogol mahsulotlari — 37 ming so‘m / 43 ming so‘m (avval — 30 200 / 36 200);
  • konyak — 57 400 so‘m / 66 000 so‘m (48 200 / 57 800);
  • vino — 14 400 so‘m / 16 400 so‘m (12 000 / 14 200).

2022-yil oxirida O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilishdagi yosh chegarasini amaldagi qonunga nisbatan bir yoshga uzaytirib, 21 yosh etib belgilash taklif qilingandi.