20-may kuni Qozog‘istonning Dossor-Kulsari-Beyneu avtomobil yo‘lining 133-kilometrida Toyota Ipsum va “KamAZ” ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston ichki ishlar organlari media markazi.

To‘qnashuv natijasida Toyota avtomobili yonib ketgan, haydovchi va uch nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. Yana bir yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

йтҳ, yo‘l-transport hodisasi, қозоғистон

“Ayni paytda qurbonlarning shaxsini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Hozircha ular O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum. Ma’lum bo‘lishicha, yil boshidan buyon Toyota avtomashinasi haydovchisiga nisbatan 10 ta bayonnoma tuzilgan. Xususan, tezlikni oshirganlik uchun 8 ta, xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun esa ikkita bayonnoma belgilangan”, — deya ma’lum qildi Atirau viloyati qoshidagi patrul politsiyasi rotatsiyasi komandiri Adilbek Shaxmetov.

Eslatib o‘tamiz, to‘rt kun avval, 16-may kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan edi. Olti kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Joriy yilning mart oyi boshida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida Cobalt va “KamAZ” avtomobillari to‘qnashuvi natijasida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan edi.