Qashqadaryoda arxeologik yodgorlikka zarar yetkazgan ikki fuqaroga 47 mlrd 500 mln so‘mdan ziyod jarima, ulardan biriga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llandi, deya xabar bermoqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati.

2022-yil avgust oyida Yakkabog‘ tumanida yashovchi 2 fuqaro “Darxon” MFY hududida joylashgan Kunjutlitepa arxeologiya yodgorligini buzib tashlagan.

Madaniy meros agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari buzishni to‘xtatish haqidagi ogohlantirish bergan. Lekin, shunga qaramay, fuqarolar yodgorlik hududidagi balandligi 4 metr, eni 22 metr bo‘lgan tepalik tuprog‘ini surib tashlagan. Oqibatda obyekt qayta tiklanmaydigan darajaga kelib qolgan.

Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi ishni ko‘rib chiqdi. Hal qiluv qaroriga ko‘ra, fuqarolardan biri Jinoyat kodeksining 28, 132-moddasi 3-qismida (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni qilganlikda aybli deb topilib, 3 yil 6 oyga ozodligi cheklandi.

Uning sherigiga ham Jinoyat kodeksining 132-moddasi 3-qismi bo‘yicha jazo qo‘llandi. Ularning ikkovidan sherikchilik tartibida yetkazilgan 47 mlrd 520 mln so‘mlik zararni undirish belgilandi.