Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
“Biznikilarning deyarli bari asalarichi”
Asalarichilar sulolasi asalni qanday yetishtirishadi?
Litvinenkolar oilasi 63 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. Ular har yili 300 ta asalari uyasi bilan Toshkent viloyati tog‘laridan Sirdaryo dashtlariga va teskari yo‘nalishda sayr qilishadi. Asalarichilar sulolasi “Gazeta.uz”ga asalarichilik, hosil yig‘ishtirish va tabiiy asalni to‘g‘ri tanlash sirlari haqida so‘zlab berdi.
Litvinenkolar oilasi 63 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. Ular har yili 300 ta asalari uyasi bilan Toshkent viloyati tog‘laridan Sirdaryo dashtlariga va teskari yo‘nalishda sayr qilishadi. Asalarichilar sulolasi “Gazeta.uz”ga asalarichilik, hosil yig‘ishtirish va tabiiy asalni to‘g‘ri tanlash sirlari haqida so‘zlab berdi.
Sergey Litvinenko asalarichilar sulolasining uchinchi avlodi vakili hisoblanadi. Uning bobosi 1959-yilda o‘zining asalarichilik xo‘jaligiga ega bo‘lishga qaror qilgan. Bobosining asalari koloniyalari soni yildan-yilga oshib boraverdi. Hasharotlar populyatsiyasining oshavergani sayin, shu bilan birga tajriba va bilimlar ham to‘planib boravergan – bularning barchasini keyingi avlodga o‘rgatgan va qoldirgan. Shunday qilib, sevimli mashg‘ulot oilaviy biznesga aylanadi. Bugungi kunda Sergey asalarichilar oilasida o‘sgan rafiqasi Galina bilan birgalikda “Pchyolka Honey” asalarichilik xo‘jaligida biznesni rivojlantirishda davom etmoqda.
Sergey Litvinenko
Asalarini sev
“Mening amakim menga shunday derdi: agar asalarilarni yaxshi ko‘rmasang, bu ish qo‘lingdan kelmaydi”, – eslaydi Sergey Litvinenko. “Inson o‘z ishini sevishi kerak. Eng muhimi shu. Shundagina hammasi yaxshi bo‘ladi”.

Uning o‘zi yosh bolaligidayoq bu hasharotlarga ko‘ngil qo‘ygan, uch yoshlik paytida otasiga asalarichilikda yordam berar edi. 11 yoshida uning birinchi shaxsiy asalarilari paydo bo‘lgan. O‘shandan bu ish Sergey uchun hayot mazmuninga aylangan.

“Men hayotimni asalarichilik bilan bog‘ladim, chunki otam bu bilan shug‘ullangan va bizga hammasini o‘rgatgan... Sulolamizda deyarli hamma asalarichi bo‘lgan, – deydi Sergey. — Oilam bilan O‘zbekistonda asalarichilik bilan shug‘ullanamiz. Boshqa qarindoshlarimiz esa Amerika, Rossiya va Ukrainada asalari yetishtirishadi. Biz bu soha dunyosiga shunchalik kirib ketdikki, biz endi busiz yashay olmaymiz”.
Rasm tavsifini o‘qish uchun uning ustiga bosing
i
Asalarichilik oson ish emas, shuning uchun asalarichilar sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu faoliyat ari zahriga allergiyasi bo‘lgan odamlar uchun to‘g‘ri kelmaydi, chunki bir chaqishning o‘zi allergiyasi bor odamning hayotiga katta xavf tug‘diradi. Asalarichi doimo birinchi yordam to‘plamiga ega bo‘lishi kerak, bu o‘ziga bo‘lmasa ham, uning atrofidagilar uchun kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Agar asalari chaqqanda nima qilish kerak?
Asalarichidan maslahatlar
1
Nishni chiqarib oling

Infeksiya tushmasligi uchun, yaxshisi, buni pinset yordamida qilish kerak

2
Asalari zahrini olib tashlang

Zaharni ehtiyotkorlik bilan siqib chiqarish yoki so‘rib olib, tupurib tashlash mumkin. Chaqilgan joyni qattiq bosmang, aks holda zaharning tarqalishi tezlashadi

3
Chaqish joyiga ishlov bering

Asalari chaqqan joyiga sovuq suv bilan bosish kerak, keyin esa etil spirti bilan ishlov berish lozim

реклама
реклама
“Agar bu allergiyani keltirib chiqargan bo‘lsa, u inson bo‘g‘ilishni boshlaydi va bunda antiallergik dorilarni qo‘llamasdan iloj yo‘q. Birinchi va xalq sinovidan o‘tgan vosita – bir stakan aroq. Odamni kasalxonaga olib borishga vaqt topish uchun unga kamida 100 gramm aroq berish kerak. U qonni suyultiradi, tarkibidagi spirt esa zaharni zararsizlantiradi”, deb tushuntirdi asalarichi. “Menda bunga qarshi immunitet shakllangan: endi, agar ari burnimni yoki ko‘zimni chaqsa ham, men shishib ketmayman, oddiy odamning ko‘zlari bir-ikki kunga yumilib qoladi va butun yuzi shishib ketadi”.

Shunga qaramay, asalarilarni odamlardan uzoqroq tutgan ma’qul, deydi Sergey. Litvinenkolar oilasi hasharotlarni mavsumga qarab bir joydan ikkinchi joyga ko‘chiradi. May oyidan iyul oyining o‘rtalariga qadar asalari xo‘jaligi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larga joylashadi. Keyinchalik asalari uyalari Sirdaryo dashtlariga ko‘chiriladi va avgust oyining oxirigacha u yerda joylashadi. Oila yillar davomida sinovdan o‘tgan joylarni tanlaydi, chunki ko‘chmanchi asalarichilikda hasharotlarni tashish juda qiyin va buni faqat tungi vaqtda, barcha hasharotlar o‘z uyasida bo‘lganida qilish mumkin.

“Asalari uyalarini yangi joyga ko‘chirishdan oldin, biz u yerda birinchi navbatda bitta qutini – nazorat uchun olib boramiz. Masalan, tog‘larga qo‘yamiz va ularni kuzatamiz. Keyin olingan asalni taroziga tortamiz. Agar og‘irlik ortgan bo‘lsa, biz u yerga butun xo‘jalikni ko‘chirib o‘tamiz. Aslida, bizga ko‘p yer kerak emas. Asosiysi, katta “Kamaz” tirkamalarini joylashtirishga joy yetsa bo‘ldi. Biz bir joyda joylashib, boshqa joylarni “razvedka” qilamiz. Ayni damda Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan Baxt shahrida joylashganmiz”, – deydi asalarichi.
Litvinenkolar oilasining uy asalarixonasi
Sergey poytaxtning “Aviasozlar” (“Kadisheva”) bozori yaqinidagi uyida ham asalarichilik qiladi. Bu yerda hasharotlar Litvinenkolar va ularning qo‘shnilarining mevali daraxtlarining hosildorligini oshirish uchun ishlaydi.

Bu ishni endi boshlamoqchi bo‘lganlar uchun Sergey 1-10 ta uya bilan boshlashni tavsiya qiladi va ishning birinchi yillarida umuman foyda bo‘lmasligi haqida ogohlantiradi.
“Ammo xarajatlar ham kichik – asalari paketi, kelajakdagi asalarilar koloniyasi uchun uyalar va asalarichi uchun jihozlar, – sanab o‘tadi asalarichi. – Har hafta siz ularga bir yarim soat vaqt ajratishingiz kerak bo‘ladi. Agar siz zavq uchun asalarichilik bilan shug‘ullanishga tayyor emasligingizni his qilayotgan bo‘lsangiz, menimcha, boshlamaganingiz ma’qul. Asalarilar – tirik mavjudotlardir va shunga mos ravishda katta mas’uliyat yuklaydi. Ularning hayoti bevosita sizga bog‘liq”.

Asalari xo‘jaligida asalarilar qanday paydo bo‘lishadi?

Sergey har yili Germaniyadan qirolicha asalarilarga buyurtma beradi va “maxsus jarayon” orqali o‘zining sof zotini ko‘paytiradi: qirolicha tuxum qo‘yadi, unda esa ishchi asalarilar, shuningdek, erkak asalarilar va boshqa qirolichalar rivojlanadi va shu zayil asalarilar ko‘payadi.

“Biz bu liniyani butun O‘zbekiston uchun yaratmoqdamiz va keyin ularni tarqatish bilan shug‘ullanamiz. Asalarichilar biz bilan bog‘lanib, asalari paketlariga buyurtma berishadi. Mavsum davomida siz bemalol asalarichilikni ikki yoki uch marta kengaytirib, o‘zingiz o‘stirgan asalari oilasini sotishingiz mumkin”, — dedi Sergey Litvinenko.
Qirolicha asalari – orqa tomonida oq belgisi bor
Qora qoringa va katta ko‘zlarga ega erkak asalari
Yangi avlodni shakllantirish uchun urug‘lantirilgan qirolicha maxsus kosalarga tuxum qo‘yadi, ularni asalarilar to‘planish davrida (jinsiy yetuk hasharotlarning koloniyani qismlarga bo‘lish uchun uchish davri – tahr.) qo‘yadi. To‘rtinchi kuni tuxum lichinkaga aylanadi. Asalarichilar uni oldindan tayyorlangan ramkalarga solib, u yerga “shohona” sut qo‘yiladi va oldindan tayyorlangan oila tarbiyachisi joylashtiriladi – u lichinkalarni o‘stiradi.

Bu orada yana bir ona asalari oilasi lichinkalarni qirolicha hujayralariga (qirolichani chiqarib olish uchun mo‘ljallangan alohida shakldagi hujayra – tahr.) joylashtiradi. Tuxum qo‘yilgan paytdan boshlab qirolichaning hujayradan chiqishigacha bo‘lgan sikl 16 kun davom etadi. Qirolicha asalari juftlashish parvozlarini amalga oshirgandan so‘ng va erkak asalarilar oilasida o‘stirilgan asalarilar bilan qo‘shiladi. “Yigitlar”ning voyaga yetish davri 24 kundan iborat siklni o‘z ichiga oladi.

Juftlashgandan so‘ng, yoshi katta qirolichaning o‘rnini yosh qirolicha almashtiradi yoki yangi koloniya yaratish uchun ishchi asalarilarning bir qismi bilan uyadan chiqib ketadi. Yangi oilada u boshqa barcha asalarilar – ham ishchilardan, erkak asalarilardan iborat guruhda qirolicha bo‘ladi.
Tayyor asalarilar oilasi maxsus quti-paketlarda sotiladi. Yog‘ochdan yoki fanerdan yasalgan bunday qutida to‘rtta ramka mavjud: uchtasida nasl, qirolicha va asalarilar, bittasida esa oziq-ovqat sifatida asal bor. Bitta ari paketi 300 ming so‘m atrofida turadi. Shuningdek, Litvinenkolar qirolicha katakchalarini alohida holda 15 000 so‘mdan, qirolichalarni esa 100 000 so‘mdan sotishadi.

– Asalarichilik xo‘jaligimizda asalarilarning ikki zotini ko‘paytiramiz, – deydi Sergey Litvinenko. - Birinchi nemis zoti – karnika. Bu eng tinch asalarilar, aksariyat hollarda siz ular bilan himoya kiyimlarisiz ham ishlashingiz mumkin. Ikkinchisi ukrain zoti – karpatkalar. Ular juda mehnatkash va ko‘p asal berishadi. Bizda bakfast, kavkaz va mahalliy o‘zbek kabi zotlari ham bor edi, – deydi asalarichi.

Asalarichining ish kunlari

“Biz o‘zimiz ishlashga o‘rganib qolganmiz, chunki, birinchidan, xodimga ish o‘rgatish juda qiyin, ikkinchidan, u bizdek 100 foiz harakat qilmaydi. Asal terib olish mavsumida ayniqsa ko‘p ishlashimizga to‘g‘ri keladi, biroq biz buni uddalaymiz”, — deydi Sergey Litvinenko.

Uyalarni saqlab qolish va asalarilar uchib ketmasligi uchun hasharotlar tabiatda topa oladigan sharoitlardan ko‘ra yaxshiroq sharoit yaratish kerak. Asalarilarga butun yil davomida bunday hayotni ta’minlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun, asalarichi uchun har bir mavsum xo‘jalikni asal yig‘ish uchun tayyorlashi kerak bo‘lgan ma’lum bir ish yuki hisoblanadi.

Tabiatning uyg‘onishi va erta gullashning boshlanishi bilan asalarichilarning asosiy ish jarayonlari boshlanadi. Shu bilan birga, asalarilar ham uyg‘onadi. Hasharotlar o‘z uyalarini o‘liklardan, ya’ni o‘lib qolgan o‘rtoqlarining jasadlaridan tozalashadi va dastlabki parvozga chiqishadi. Nektar yig‘ish uchun asalari uyadan uch-to‘rt kilometr uzoqlikka ucha oladi, lekin u nektarlarning asosiy qismini uyga yaqinroq joylardan – ikki kilometr radiusdan yig‘adi. Asalari qanchalik uzog‘ga uchsa, uyaga shunchalik kam nektar olib kelishi mumkin. Shuning uchun asalarichilar asalarizorni gulli o‘simliklar ko‘p bo‘lgan tog‘lar va dashtlarga olib borishadi.
“Asalarichi birinchi navbatda har bir uyaning holatini tekshirishi va hamma uchun yetarli joy mavjudligiga ishonch hosil qilishi hamda yangi nasllarni joylashtirish uchun asos mavjudligiga amin bo‘lishi kerak, chunki bahorda asalari oilalari soni faol ravishda ko‘paymoqda. Agar yangi asalarilar uchun joy yetarli bo‘lmasa, asalarilar olomon bo‘lib qolishadil va ular yangi uy izlash uchun uchib ketishadi. Shuningdek, gulchang yig‘uvchilarni o‘rnatish va ortiqcha gulchanglarni yig‘ish kerak, chunki asalarilar ular bilan kataklarni yopishlari mumkin”, — deya ta’kidladi Sergey Litvinenko.

Bundan tashqari, uyada asal va perga qolmasa, asalari uchun ozuqa bilan ta’minlash muhimdir. Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, u asalarilarni erta bahorda va kech kuzda – gullagan o‘simliklar bo‘lmagan paytda asal siropi bilan oziqlantiradi. Ba’zi asalarichilar shakar siropini berishadi, lekin asal asalarilarning ancha yaxshi rivojlanishiga imkon beradi.

“Haftada bir marta butun asalari uyalarini tekshirib turish kerak. Asalarilar kasalliklarining 20 ga yaqin turi mavjud. Asalarilar ham kasal bo‘lib qolishadi, qishdan keyin ular ayniqsa zaif bo‘ladi, shuning uchun joylarni kana va boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar yordamida tozalash kerak, dedi asalarichi. – Chumoli kislotasidan foydalanishni maslahat beraman. Bu eng zararsizi hisoblanadi, uni uyaga sepish yoki uyaga joylashtirish mumkin. Agar kimyoviy moddalar, masalan, amitraz bilan ishlov berilsa, bu modda asalda ham bo‘ladi.
реклама
реклама
Yoz – asal yig‘ish vaqti va asalarichi uchun asosiy mavsum. Mavsumning birinchi yarmida uyada doimo yetarli joy bo‘lishi kerak. Aks holda, olomon holatiga tushib, yangi qirolicha uchun qirolicha kataklarini qurishni boshlaydilar va eski qirolicha esa uyaning yarim aholisi bilan yangi uy qidirib uchib ketadi. Shunday bo‘ladiki, agar asalarilar uchun bu uyada keyingi hayot imkonsizdek tuyulsa, uni butun oila bo‘lib tark etishadi.

“Yaqinda bir holat yuz berdi: biz ish bilan band bo‘lib, uyalardan bittasida yosh qirolicha dunyoga kelganiga e’tibor qarata olmadik”, – deb eslaydi Sergey Litvinenko. – Aslida bitta asalari oilasida faqat bitta qirolicha bo‘lishi mumkin – bu tabiat qonuni. Keksa qirolicha bilan birga bir necha asalarilarimiz uchib ketishdi. Natijada, biz ularni o‘zlari joylashib olgan daraxt shoxlaridan olib va uyaga qaytarishimizga to‘g‘ri keldi.
Asalni yig‘ib olish yozning o‘rtalarida yoki oxiriga yaqinroq paytda boshlanadi. Bu ob-havoga bog‘liq. Asalarichining so‘zlariga ko‘ra, qishda qor ko‘p yog‘sa, yer suvga chuqur to‘yingan bo‘lib, asal yig‘ish davri hatto may va iyun oylariga to‘g‘ri kelishi ham mumkin. Kuchli yomg‘irlar faqat tuproqning yuqori qatlamini namlashi mumkin. Shuning uchun, yomg‘irli qishdan keyin o‘simliklarning gullashi asalarilar uchun unchalik samarali emas va asal faqat yozning oxirigacha to‘planishi mumkin.

“Yozda biz kechayu kunduz ishlaymiz. Biz deyarli uxlamaymiz va barcha vaqtimizni asalarilar bilan bog‘da o‘tkazamiz. Asalni quyish uchun ertalab soat besh yoki oltida turamiz va yarim tunda uxlaymiz. Kun shunday o‘tadi: avval jihozlarni tayyorlaymiz, so‘ngra katakchali ramkalarni chiqarib olamiz, zabruslar – asal to‘ldirilgan katakchalarni issiq pichoq bilan kesib olamiz, keyin ularni asal ekstraktoriga solamiz va uni ishga tushiramiz. U daqiqada 100 ta aylanishni amalga oshiradi, shuning uchun barcha asal apparatning devorlariga yopishadi va keyin pastga qarab oqadi, pastki qismida to‘planadi. Biz kranni ochamiz va asal to‘g‘ridan-to‘g‘ri chelakka oqadi. Undan esa biz uni filtr orqali tozalangan shaklda bankalarga quyamiz”, – deya tushuntiradi asalarichi.
Kuzda asalari uyalari qishga tayyorgarlik ko‘radi. Asalarichilar uyalardagi oziq-ovqat miqdorini tekshiradilar va asalarilar o‘z asal zahiralarini saqlaydigan ramkalari olib tashlanadi. Faqat ozuqali asal solingan uya ramkalari qoladi. Agar kerak bo‘lsa, uya ichki tomondan maxsus paxta yostiqchalari – isitish yostiqchalari bilan qo‘shimcha ravishda yopib chiqiladi. Qishda asalarilardan tez-tez xabar olib turish maqsadida asalari xo‘jaligi ikki-uch oyga Toshkentga yaqinroq joyga ko‘chirib kelinadi.
“Ko‘p odamlar asalarilar qishda uxlaydi deb o‘ylashadi, ammo bu haqiqatdan yiroq. Ular gala bo‘lib yig‘ilib, muzlab qolmaslik uchun doimiy ravishda bir-birlari bilan joy almashadilar”, — deydi Sergey Litvinenko. — Bu vaqtda tashqaridan past tovushdagi g‘uvillash eshitiladi. Qirolicha bu paytda tuxum qo‘ymaydi, chunki qishda naslni boqish uchun hech narsa bo‘lmaydi. Butun asalarilar oilasi yozda yig‘ilgan asal zaxiralarini yeyishadi”.
реклама
реклама
Havo sovushi bilan asalarilarning hayotiga ularning tabiatdagi dushmanlari – oddiy ari va qovog‘arilar tahdid sola boshlashadi. Ular uyalarga kirib, asal yeyish maqsadida ular atrofida aylanib yurishadi yoki alohida asalarilarning tashqariga chiqishini poylab, ularga hujum qilishadi va uyalariga olib ketishadi. Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, 15-20 ta bunday ochko‘zlar butun uyani vayron qilishi mumkin. Agar bosqin o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, ular butun asalari xo‘jaligini yeb tugatishlari mumkin. Asalarichilar oddiy ari va qovog‘arilarga qarshi maxsus tuzoqlar yordamida kurashadi.

Qushlar ham asal iste’mol qilishni yaxshi ko‘radi. Ularni to‘r bilan tutish mumkin, ammo qushlar orasida Qizil kitobga kiritilgan ko‘plab turlar mavjudligi sababli, Litvinenko yirtqich qushlarning tovushi yozib olingan audiodan foydalanadi.
Asalarichilik mahsulotlari
Sergey Litvinenko asalarichilikni deyarli chiqindisi yo‘q ishlab chiqarish sohasi deb ataydi. Bunda nafaqat asalarilarning faoliyat mahsuli, balki hasharotlarning o‘zi ham mahsulot hisoblanadi.

Asal o‘simliklarning qayta ishlangan nektaridir. Asalning rangi, ta’mi va hidi nektar to‘plangan o‘simlik turiga bog‘liq. Ulardan eng xushbo‘ylari oregano, tog‘jambil, vasilyok, paxta, grechka, jo‘ka, akatsiyadan olinadiganlaridir.

Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, ikkita qo‘shni uyadan olingan asalning ta’mi hech qachon bir xil bo‘lmaydi. Hosildor yilda bir oila 20 kg dan ortiq asal berishi mumkin. Har bir uya 10 kg dan kam asal bersa, asalarichilar buni unchalik ham muvaffaqiyatli yil deb hisoblashmaydi. Litvinenkolar o‘rtacha mavsumda uch tonna asal yig‘ishadi.

“Asalning miqdori va sifati uchta asosiy omilga bog‘liq: bularga asalarilarni mavsumga qanday tayyorlaganingiz, sizdagi asalarilarning zoti qanday ekanligi va yaqin atrofda qanday o‘simliklar o‘sishi kiradi”, – dedi asalarichi.
Asalari xo‘jaligining ichkaridan ko‘rinishi
Biroq, birgina asal bilan o‘zingizni to‘q his qila olmaysiz. Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, asalarichilikdan daromad olish uchun siz barcha asalarichilik mahsulotlaridan foydalanishni maqsad qilishingiz kerak. Ular orasida zabrus, propolis, gulchanglar, perga va eng qimmat asalarichilik mahsuloti – qirolicha asalarining suti ham bor.

Asalarichilar, shuningdek, asalari mumidan ham foydalanishadi. U asal yoki nektar iste’mol qilganda ari qornidagi maxsus bezlarda ishlab chiqariladi. Mumni o‘sayotgan nasl uchun to‘g‘ri kelmaydigan ramkalardan olishadi.
Sergey Litvinenkoning rafiqasi Galina mumdan sham yasaydi. Ular kerosinga qaraganda uzoqroq yonadi va yaxshi hid taratadi. Galinaning aytishicha, uning bolaligi Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Krasnogorsk tog‘larida o‘tgan. Uning otasi va bobosining asalari xo‘jaligi bor edi.

“Biz har yili yozda u yerga bor edik, ba’zida yordam berish uchun, ba’zida tabiat qo‘ynida dam olish uchun. U yerda vaqt o‘tkazish va asalarilarni tomosha qilish menga juda yoqardi”, – deya eslaydi Galina Litvinenko. – Biz oilada besh nafar farzand edik. Natijada oilada barchamiz birgalikda oilaviy tadbirkorlikni davom ettirdik. Keyin asalarichiga turmushga chiqdim va o‘zimizning asalari xo‘jaligimizga ega bo‘ldik”.
Bola tug‘ilgandan keyin Galinada asalarilarga allergiya paydo bo‘ldi. U asalari fermasiga kamroq tashrif buyura boshladi, sovun tayyorlashga qiziqa boshladi va bir necha yil oldin u o‘zining “Pchyolka Honey” nomli onlayn-do‘konini ochdi. Galina asalli sovundan tashqari, uyda asalarichilik mahsulotlari qo‘shilgan lab balzamlari ham tayyorlaydi.
Litvinenkolar oilasi
“Endi men har kuni buyurtma olaman, – dedi Galina Litvinenko. – Mahsulotlarni nafaqat Toshkent shahri bo‘ylab yetkazib beramiz, balki respublikaning boshqa viloyatlariga ham pochta orqali jo‘natamiz”.
Tabiiy asalni qanday tanlash kerak?
Sergey Litvinenkoning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda asalarichi bo‘lmaganlar uchun asal xarid qilayotganda tabiiy yoki yo‘qligini aniqlash qiyin. Ammo asalni tanlashda bir nechta omillarga e’tibor berish kerak, deydi Sergey Litvinenko.
Asalarichining maslahatlari
1
Quyuqligi va oquvchanligi

Tabiiy asal zinapoyaga o‘xshash shakl yasagan holda pastga oqishi kerak. Buni tekshirish uchun siz bir qoshiq asal olib, uni egishingiz kerak. Agar asal tekis oqim bo‘ylab cho‘zilib oqsa va pog‘onalar hosil qilsa, unda sizning oldingizda tabiiy mahsulot turibdi. Soxta asal esa qoshiqdan to‘g‘ri tomadi va tez oqadi.

2
Og‘irligi

Tabiiy asal og‘ir bo‘ladi. Bir litrli idishdagi asal kamida bir yarim kilogramm og‘irlikka ega bo‘lishi kerak. Shakar va aralashmalar qo‘shilgan asal ancha yengilroq bo‘ladi.

3
Tekstura

Tabiiy asal nozik va yumshoq tuzilishga ega. Barmoqlar orasiga surtilsa, asta-sekin so‘rila boshlaydi.

4
Asalli choy

Asalni tekshirishning yana bir usuli – uni choyga qo‘shib ko‘rish. Bir qoshiq asal qo‘shilishi bilanoq ichimlik hiralashishi va rangdorroq bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, piyola tagida cho‘kma hosil bo‘lmasligi kerak. Shakar siropi yoki aralashmalar bilan suyultirilgan asal bunday natija bermaydi.


Asalli choyga bir tomchi yod qo‘shib ko‘rishingiz mumkin. Agar ichimlik ko‘k tusga kirsa, asalga kraxmal qo‘shilgan. Odatda, uni asalga zichlikni berish uchun qo‘shishadi.

5
Asal shakarlasha boshlaydi (shakarga o‘xshash kristallar paydo qiladi)

Haqiqiy asal shakarlashmaydi, degan katta noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Aksincha, tabiiy asal yig‘imdan 4-6 hafta o‘tgach, xona haroratida tabiiy ravishda kristallana boshlaydi. Yangi asal suyuqroq bo‘ladi, olti oydan keyin u qattiq bo‘lib qoladi. Shuning uchun, agar do‘konlarda shakarlangan asal sotilayotgan bo‘lsa, uning tabiiyligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.


“Suyuq asalni soxtalashtirish ancha oson”, – dedi Sergey Litvinenko.

Asalarichi asalning tabiiyligini aniqlashda uning rangi va ta’miga e’tibor qaratishni maslahat bermaydi. Vijdonsiz ishlab chiqaruvchilar unga “to‘g‘ri” asaldan farq qilmaydigan ko‘rinish berishni o‘rganishgan. Asalni ishonchli joylarda va ularni farqiga boradigan odamlardan olgan yaxshi. Agarda unday tanishingiz bo‘lmasa, eng yaxshi yo‘l – yarmarkalarga yoki asal ko‘rgazmalariga borishdir.

Litvinenkolar oilasi o‘n yildan buyon asalarichilar jamiyatiga a’zo bo‘lib, har yili dekabr oyida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan asal yarmarkalarida qatnashib keladi. Shuningdek, ular Compass savdo markazining birinchi qavatida o‘z do‘konchasiga ega bo‘lib, u yerda har hafta dam olish kunlarida ularning asal mahsulotlarini xarid qilish mumkin.
“Пчёлка Honey” do‘koni bilan bog‘lanish

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting