Toshkentda 18-may kuni kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ikkinchi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida gapirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, kambag‘allikka qarshi kurashishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu — ta’lim va sog‘liqni saqlashdir. “Jahon banki bilan hamkorligikdagi dasturimizning eng katta yo‘nalishi inson kapitalini rivojlantirish hisoblanadi”, — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikka qarshi kurashishdagi asosiy yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

“Bugungi forumga kelgan xorijlik va qo‘shni davlatlardagi mutaxassislar bizga [kambag‘allikka qarshi kurashish borasida] belgilab olgan asosiy yo‘nalishlaringiz nimalar, deb savol berishdi. Birinchisi, qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish. Birinchi marta davlat rahbari tashabbusi bilan biz yer maydonlarini odamlarga 30 yillik ijaraga beryapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, qishloq xo‘jaligida ijobiy o‘zgarishlarga erishish”, — dedi Qo‘chqorov.

жамшид қўчқоров, kambag‘allik forumи, kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Jamshid Qo‘chqorov. Foto: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Hukumat rasmiysining ta’kidlashicha, ikkinchi yo‘nalish qishloq hududlarida sanoatni rivojlantirish hisoblanadi.

Uchinchisi, infrastrukturani rivojlantirish — bir joydan ikkinchi joyga tovarlarni yetkazib berishni tezlashtirish, odamlarning mobilligini oshirish uchun harakat qilish. Shu bilan birga, odamlarni ichimlik suvi va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash. Bunda yashil texnologiyalardan keng foydalanish”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, to‘rtinchi yo‘nalish urbanizatsiya jarayonidir.

“O‘zbekistonda qishloq aholisi qariyb 50 foizni tashkil qiladi, bu katta ko‘rsatkich. 50 foizlik urbanizatsiya darajasi bilan kambag‘allikni qanday barqaror ravishda kamaytirish mumkin, degan savol berilishi tabiiy. Shu sababli urbanizatsiya eng muhim yo‘nalishlardan biri”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Ma’lumot uchun, mazkur forum Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Unda iqtisodchi olimlar, BMT, BMTTD, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti, UNICEF, Osiyo taraqqiyot banki, FTA, GIZ kabi xalqaro tashkilotlarning jami 200 dan ziyod ekspertlari qatnashdi.

Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mamlakatda kambag‘allik darajasi kamayib borayotgani, biroq aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilangina uni qisqartirib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. “Kambag‘allikni qisqartirish barcha vazirliklarning asosiy masalasiga aylansa, barqaror natijalarga erishamiz”, — degandi u.