O‘zbekistonda davlat muassasalari ehtiyoji uchun quyosh batareyalarini o‘rnatish bo‘yicha tanlov natijalari bekor qilindi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Prezident qarori bilan 20-fevralda tashkil etilgan Yashil Energiya kompaniyasi mart oyida davlat obyektlari va davlat muassasalarida kichik quyosh batareyasini o‘rnatish bo‘yicha qariyb 2 trillion so‘mlik (Markaziy bankning 18-maydagi kursi bo‘yicha qariyb 174,8 million dollar) eng yaxshi takliflarni tanlab olgan. Tanlov komissiyasiga energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov raislik qilgan.

Quyosh panellarining umumiy quvvati 219,4 MVtни tashkil etgan. Ularni O‘zbekistonning barcha hududlarida, xususan, Toshkentning bir qancha tumanlarida o‘rnatish rejalashtirilgandi.

Bloger Davletov.uz davlat xaridlari portali ma’lumotlariga tayanib, tanlov g‘oliblarini ma’lum qildi:

  • Toshkent shahridagi davlat va ijtimoiy soha obyektlari uchun 323 milliard so‘mlik quyosh batareyalari yetkazib berish — Virtec Power.
  • Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi davlat va ijtimoiy soha obyektlarini quyosh batareyalari bilan ta’minlash — 275,8 mlrd so‘m — Virtec Power.
  • Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlariga quyosh batareyalarini yetkazib berish — 272,6 mlrd so‘m — Virtec Power.
  • Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari obyektlari uchun 276,4 milliard so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — Virtec Power.
  • Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanlariga 390 milliard so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — Cifra B.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati, shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumaniga 339 mlrd so‘mlik quyosh panellarini yetkazib berish — Cifra B.

Shunday qilib, Virtec Power 1 trillion 148 milliard so‘mlik lotlarni qo‘lga kiritgan. Kompaniya 1999-yilda tashkil etilgan. Ta’sischilar sifatida Virtec (17,6%), Go‘zal Rixsibayevna Abidova (52,3%) va Diyor Nozimovich Abbasov (30,1%) ko‘rsatilgan.

Cifra B 729 milliard so‘mlik lotlar yutib olgan. Kompaniya 2019-yil mart oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Muassislar Ilhomjon Omonovich Omonov va Mirzaxid Maripjonovich Jamoldinov (har biri 50 foizdan).

Yashil Energiya aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitali 118,4 mlrd dollarni tashkil etadi. Jamiyat aksiyalarining qariyb 96 foizi oltita bank — “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Agrobank” va “O‘zmilliybank” (har biri 19,1 foizdan), shuningdek, “Turonbank” va “Qishloq qurilish bank” (har biri 9,58 foizdan) investitsiya kompaniyalariga tegishli. Qolganlari Energetika vazirligi huzuridagi tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasiga tegishli.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tanlovda quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi 18 ta kompaniya ishtirok etgan.

“Shunga asosan, tanlov natijalari bo‘yicha yutgan kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar mazkur kompaniyalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagani sababli bekor qilindi”, — deyiladi xabarda.

Ajratilgan mablag‘larni hisobga olgan holda umumiy quvvati 2,5 MVt (bekor qilingan tanlov hajmidan 87 baravar kam) quyosh fotoelektr qurilmalarini qurish bo‘yicha yangi tender e’lon qilindi.

Keyingi bosqichda loyihalarning asosiy qismini xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda bu borada muzokaralar olib borilmoqda.

“Bu esa, o‘z navbatida, loyihalarning narxini pasaytirish va ularning sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyatga ega”, — deya ta’kidlaydi Energetika vazirligi.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, 28-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro biznes-forumida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “texnik sabablar tufayli” tanlov natijalari bekor qilinganini ma’lum qildi.

“Biz tanlovni ko‘rib chiqamiz. Ushbu masala bo‘yicha alohida ichki tekshiruv mavjud. Biz moliyaviy imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, uni taqsimlashga va kichik hajmlardan boshlashga qaror qildik, chunki Yashil Energiya kompaniyasi tenderni biroz noto‘g‘ri tashkil etib, bosqichma-bosqich joriy etilishi kerak bo‘lgan barcha miqdorni e’lon qilgan”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tanlov o‘rnatilgan quyosh panellari narxini “sezilarli darajada” kamaytirish imkonini berdi. “Har qanday raqobat, har qanday tender raqobatdir va pirovardida u iste’molchiga foyda keltiradi”, — dedi vazir.