“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Ozarbayjonning SOCAR davlat neft kompaniyasi bilan birgalikda 2024-yilda Ozarbayjonda uchta uglevodorod konini o‘zlashtirishni boshlamoqchi. Bu haqda 18-may kuni “O‘zbekiston neft va gazi — OGU 2023” 25-xalqaro ko‘rgazma-konferensiyasi doirasida “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi vakili ma’lum qildi.

Ko‘rgazma doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va SOSAR rahbariyati o‘rtasida Ozarbayjondagi neft va gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

“Bu uchta kon oldindan belgilangan. Afsuski, ma’lumotlar maxfiyligi sababli nomlarni ayta olmayman… Kuzda loyihani umumiy amalga oshirish boshlanadi, kelgusi yilda esa haqiqiy ishlab chiqarish jarayonlari boshlanadi”, — dedi, “O‘zbekneftgaz” vakili muzokaralar yakunlari bo‘yicha izoh berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar loyihaning aniq texnik parametrlarini aniqlab olishgan. “O‘zbekneftgaz” va SOCAR mutaxassislari loyihani amalga oshirish bo‘yicha umumiy tushunchaga ega", — deya qo‘shimcha qildi agentlik suhbatdoshi.

Bundan tashqari, SOCAR O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarida, shuningdek kompaniya tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etishi kutilmoqda. “O‘zbekneftgaz” va SOCAR “SOCAR Training” qo‘shma korxonasini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil oktabr oyida “O‘zbekneftgaz” va SOCARning Kaspiy dengizining Ozarbayjon qismida birgalikda neft qazib olish rejalari haqida xabar berilgan edi.

Joriy yilning mart oyida esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomoni SOCAR bilan hamkorlikda “neft-gaz sohasida katta loyiha” tayyorlanayotganini aytgan edi. Avvallari “O‘zbekneftgaz” O‘zbekistondan tashqarida loyihalarni amalga oshirmas edi. 2018-yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev kompaniyaga xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha ishlarni faollashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Zaxiralarning tugashi va texnologik yo‘qotishlar tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish pasayishda davom etmoqda. 2022-yil yakunlariga ko‘ra, respublikada tabiiy gaz qazib olish 2021-yilga nisbatan 4 foizga kamayib, 51,665 mlrd kub metrni, neft qazib olish esa 1,8 foizga oshib, 787,8 ming tonnani tashkil etdi.