Toshkentda 18-may kuni “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etish” mavzuidagi II xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” muxbirining xabar qilishicha, forum ochilishida nutq so‘zlagan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tdi.

Hukumat rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda oxirgi yillarda kambag‘allik darajasi muttasil ravishda kamayib bormoqda.

“Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizgacha kamaydi. Xo‘sh, qaysi omillar hisobiga kamaydi? Birinchisi, albatta, iqtisodiy o‘sish. Jon boshiga iqtisodiy o‘sish 2017-yildan boshlab barqaror davom etayotgani. Ikkinchisi, juda ham muhim yo‘nalish — faol ijtimoiy siyosat. Bugungi kunga kelib 2 mlndan ortiq odam ijtimoiy nafaqa olyapti. Bu kambag‘allikka qarshi kurashning eng yaxshi va samarali yo‘nalishlaridan biridir. Albatta, bir tomondan budjetdan trillion-trillion mablag‘larni xarajat qilyapmiz. Ikkinchi tomondan bu mablag‘lar kambag‘allikni kamaytirish omili [hisoblanadi]”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

жамшид қўчқоров, kambag‘allik forumи, kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Foto: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi/

Uning qayd etishicha, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilangina kambag‘allikni qisqartirib bo‘lmaydi.

“Ijtimoiy nafaqalarni berish orqali kambag‘allik kamaygan bo‘lsa, bu birinchi marta ayollar o‘rtasidagi kambag‘allikni qisqartirishga qaratildi. Ya’ni, bolasi borligiga qarab onalarga ijtimoiy nafaqa berilyapti. Yana bir masalani aytmoqchimanki, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan kambag‘allikni qisqartirishga erisha olmaymiz. Kambag‘allikni qisqartirish hukumatdagi hamma vazirliklarni asosiy masalasiga aylansa, ana shunda biz kambag‘allikni qisqartirishda barqaror natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lamiz”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, mazkur forum Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Unda iqtisodchi olimlar, BMT, BMTTD, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti, UNICEF, Osiyo taraqqiyot banki, FTA, GIZ kabi xalqaro tashkilotlarning jami 200 dan ziyod ekspertlari qatnashdi.