O‘zbekiston Tojikistondan 2023-yilning may-sentabr oylarida 1 mlrd 285 mln kVt soat elektr energiyasini import qiladi. Bu haqda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 12-mayda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Barki Tochik” OAJ o‘rtasida 2023-yil may-sentabr oylarida jami 1 mlrd 285 mln kVt soat hajmda elektr energiyasini import qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

“Ayni paytda import amaliyoti ikkita 220 kVli yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali amalga oshirilmoqda. Shartnomaga asosan yoz oylarida elektr energiyasi va suv resurslariga ehtiyoj ortadigan davr uchun import hajmlarini 500 kVli tarmoqlar orqali ko‘paytirish ham nazarda tutilgan”, — deyiadi xabarda.

Respublikada energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash, iste’molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanish, shuningdek, kuz-qish mavsumiga elektr uskuna va jihozlarni sifatli tayyorlash maqsadida, 2018-yildan boshlab Tojikistondan elektr energiyasini import qilish ishlari qayta yo‘lga qo‘yilgan. Shundan so‘ng:

  • 2018-yil aprel-sentabr oylarida 1 mlrd 480,9 mln kVt soat hajmda;
  • 2019-yil aprel-oktabr oylarida 1 mlrd 425,1 mln kVt soat hajmda;
  • 2020-yil may-sentabr oylarida 566,7 mln kVt soat hajmda elektr energiyasi import qilingan.

“Barki Tochik” OAJning 2020-yil 13-iyuldagi 11/4344−5561-sonli xatiga asosan Vaxsh daryosining suvi 50 foizga kamaygani va buning natijasida Nurek gidroelektr stansiyasi suv omborida suv sathining 2019-yilga nisbatan 10 metrga pasayganligi sababli 2020-yil 16-iyuldan boshlab O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish qisman to‘xtatilgan edi.

Shundan so‘ng 2021-yil may-sentabr oylarida 1 mlrd 143,6 mln kVt soat hajmda, 2022-yil aprel-sentabr oylarida 823,2 mln kVt soat hajmda elektr energiyasi import qilindi.