Rejissyor Sarvar Karimov “Hokim buva” mini-serialini taqdim etdi. 2020-yilda suratga olinishi boshlangan va yetti qismdan iborat mini-serialning yopiq premerasi 15-may kuni bo‘lib o‘tgan edi. 16-may kuni rejissyor YouTube’dagi sahifasiga uning 1-qismini joylashtirdi. Salkam 25 daqiqalik film bir kunda qariyb 190 ming marta tomosha qilindi.

Serial bosh qahramoni — Shukur aka (Shukurullo Isroilov) ijaraga olgan avtomobilda kirakashlik qiladi. U doimo ijtimoiy-siyosiy muammolardan nolib yashaydi, shu mavzudagi gaplari bilan mashinasiga chiqqan yo‘lovchilarning “miyasini qoqib, qo‘liga beradi”. U har safar “shahar rahbarlarining o‘rnida bo‘lsa, yig‘ilib qolgan muammolarni tezda hal qila olishi"ni aytadi, “hammayoq tanish-bilish, monopoliya” bo‘lib ketganidan yozg‘iradi. Taqdir taqozosi bilan, bir kuni Shukur aka shahar hokimi kursisida uyqudan uyg‘onadi. Shundan so‘ng noligan barcha muammolarini hal qilish mas’uliyati o‘zining bo‘yniga tushadi.

Serialda Shukurullo Isroilov, Nigora Karimboyeva, Farhod Abdullayev, Shafoat Rahmatullayeva, Umid Shodmonov, Muqaddas Holiqova, Muhammadiso Abdulhayirov, Bobur Pirmatov, Anvar Salimov, Mahliyo Asqaraliyeva kabi aktyorlar rol o‘ynagan.

Serialning dastlabki qismlarini tomosha qilganlarning aksariyati ijobiy fikr bildirgan. Xususan, bloger Dilshod Hoshimov “yengil-yelpi seriallar fonida katta o‘zgarishlar olib kirilgani"ni ta’kidlagan. Bloger Nurbek Alimov esa “aqlni yoqib, kulib tomosha qilinadigan hazillarga boy ajoyib serial” ekanini ko‘rsatib o‘tgan.

Twitter foydalanuvchilaridan biri “o‘zbek kinosining o‘lmaganining isboti” deya ta’riflagan bo‘lsa, Eldar Asanov: “Yaxshi serial bo‘libdi. Oxirigacha chiqsin, oxirigacha ko‘rib, bafurja fikr bildiramiz”, — deb yozgan. Hozircha aksariyat e’tirozlar mini-serialning juda qisqaligi va barcha qismlari birdan e’lon qilinmagani bilan bog‘liq.

Serialning hozircha faqat 1-qismi YouTube’da e’lon qilingan bo‘lib, qolgan qismlari 16-maydan boshlab Voxe.tv platformasida har kuni birma-bir e’lon qilib borilmoqda. Serialning 1-qismini quyida tomosha qilish mumkin: