O‘zbekistonda gaz konlari va quduqlarini raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11-may kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodirjon Sidiqov ma’lum qildi.

“Bugungi kunda tabiiy gaz energetika tizimimizning asosi hisoblanadi, chunki ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi gazdan ishlab chiqariladi. Shu bois bizning sohamiz oldida gaz qazib olishni keskin oshirish vazifalar turibdi. Lekin bu vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirishimiz uchun sohada yetishmayotgan raqamlashtirish masalasi ko‘tarildi”, — deya ma’lum qildi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz konlari va quduqlarni raqamlashtirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan bo‘lib, ularni joriy yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Sidiqov raqamlashtirish doirasida qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilganiga aniqlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, 12-may kuni prezident O‘zbekistonda gaz harakatining yagona avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. 1-iyulga qadar “O‘zbekneftgaz” va “O‘ztransgaz” kompaniyalarining barcha gaz qabul qilish va ta’minlash punktlarida elektron hisoblagichlar hamda xromatograflar o‘rnatishni yakunlash, ularni soliq organlarining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish topshirildi. Biroq bu talablar xususiy kompaniyalarga taalluqli emas. Bundan tashqari, gaz va neft bo‘yicha shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish tizimi yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, yilning birinchi choragida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga, mart oyida esa 12,9 foizga qisqargan. Uch oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 5 foizga kamaydi. Issiqlik va ko‘mir ishlab chiqarish ham kamaygan.