15-may kuni prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistika bo‘yicha yillik “Oltin qalam” milliy mukofoti doirasida O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasi haqida fikr bildirdi.

Uning fikricha, mamlakatda so‘z erkinligi bor yoki yo‘qligini baholash noto‘g‘ri, biroq “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining dunyoda umume’tirof etiladigan standart hisoblangan matbuot erkinligi reytingi mavjud.

Oxirgi marta reytingda O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan 4 pog‘onani yo‘qotib, reytingda 137-o‘rinni egalladi. Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “murakkab” bo‘lib qolmoqda, OAV to‘g‘risidagi “repressiv” qonunlar amalda hamda “kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish” hukmron.

Sherzod Asadov Rost24.uz nashriga bergan intervyusida shunday dedi: “2016-yil dekabr oyida hurmatli prezidentimiz iqtidorga kelganlaridan keyin ungacha bo‘lgan so‘z erkinligi nuqtai nazaridan islohotlar, so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarning samarasini adekvat baholay olishimiz kerak. Bu — eng asosiysi. Mening nazarimda, agar siz obyektiv jurnalist bo‘lsangiz, siz ham buni tan olasiz. Juda ham ko‘p ish qilindi. Albatta, deylik, rivojlanishning, progresning hech qanday chegarasi yo‘q. Qiladigan ishimiz juda ham ko‘p. To‘xtatishimiz aslo mumkin emas.

комил алламжонов, оав erkinligi, so‘z erkinligi, шерзод асадов

Uning qo‘shimcha qilishicha, jurnalistlar so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilandimi yoki yomonlashdimi, degan savolga yaxshiroq javob berishadi, lekin davlat so‘z erkinligini mustahkamlash borasidagi faoliyatini davom ettirmoqda va kuchaytirmoqda. “Aslida o‘zingiz baho bering”, — dedi Sherzod Asadov jurnalistga murojaat qilib.

Prezident Administratsiyasi rahbarining axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Komil Allamjonov mamlakatdagi so‘z erkinligi darajasini 10 balldan 5,5 ballga baholadi.

“Nimaga, desangiz, hali qilinadigan ishlar ko‘p. O‘zgarishlarga kelsak, 2016-yilda so‘z erkinligi berilib, ochiqlik e’lon qilindi. Jurnalistlar, bloggerlar erkin faoliyat yuritishni boshladi. Endi sekin-sekin jurnalistika madaniyati shakllanishni boshlayapti, jurnalistika axloq-odobi, etikasi degan narsalar paydo bo‘lyapti. Bu jarayon hozir boshlanyapti”, — dedi u.

Mart oyi boshida jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlar faollari O‘zbekiston prezidentiga “yashirin, ammo qattiq senzura” haqida bayonot bilan murojaat qilib, haligacha jiddiy to‘siqlar, bosim va qo‘rqitishlarga duch kelinayotganini ta’kidlagan edilar.