Nukus voqealari bo‘yicha apellyatsiyada ekspertlar so‘roq qilindi (+foto)

Nukus voqealari bo‘yicha apellyatsiyani ko‘rib chiqayotgan sud Dauletmurat Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov iltimosiga ko‘ra ekspertlarni so‘roqqa taklif qildi. Himoyachi ularning javoblariga qo‘shilmasligini aytdi. U sudda qo‘yilgan 1−2-iyul voqealariga oid videoni “jurnalistlik hissiyotli xabar” deb atadi.

Shukrullo Egamberdiyev Toshloq tumani bosh imomligidan bo‘shatildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshloq tumani bosh imomi Shukrullo Egamberdiyevni lavozimidan ozod qildi. Idoraning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bunga uning so‘nggi 6 oy davomida aholining noroziligiga uchragan videolari sabab bo‘lgan.

Mastercard O‘zbekistonda vakolatxonasini ochadi

Mastercard O‘zbekistonda birinchi rasmiy vakolatxonasini ochadi. Shuningdek, kompaniya YeTTB bilan kichik biznes egalari, ayniqsa, ayollar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

IIV Telegram`da ayollarning suratlarini tarqatishda gumonlangan guruh adminlarini qo‘lga oldi

IIV Kiberxavfsizlik markazi Telegram`da xotin-qizlarning behayo suratlarini tarqatishda gumonlangan fuqarolarni qo‘lga oldi. Ular tasvirlarni ko‘rish yoki o‘chirtirish uchun pul talab qilgan. Vazirlik ushbu holatdan jabrlanganlardan 102 raqamiga xabar berishlarini so‘radi.

Toshkentda metroda yosh qizga shilqimlik qilgan shaxs 5 sutkaga qamaldi

12-may kuni Toshkent shahrida metro vagoni ichida yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgan yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Uning avval ham ma’muriy javobgarlikka tortilgani sabab jazo yengillashtirilmadi. Yigit 5 sutkaga qamaldi.

Namangandagi bog‘da 12 yoshli bola boshidan jarohat olib vafot etdi

Namangan shahridagi istirohat bog‘ida 12 yoshli bola attraksionda aylangan vaqtida boshidan jarohat olib vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tarqalgan videolarga ko‘ra, voqea 30 ga yaqin o‘quvchi maktab jamoasi bilan aylanishga chiqqanda sodir bo‘lgan.

Jizzax viloyatida bo‘lim prokurori $1,3 ming pora olgani aytilmoqda

Jizzax viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganini iddao qilib, “xizmati” uchun tadbirkordan 1300 dollar so‘raganlikda gumonlanmoqda, u pullarni olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, DXX Andijon viloyatida ham pora olganlikda gumonlanayotgan mansabdorlarni qo‘lga oldi.

Yil boshidan beri 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi

O‘zbekistonda 2023-yilning o‘tgan davrida 107 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan (22 nafari bolalar), 2 bemor vafot etgan. Zaharlanishlar eng ko‘p uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqqan.

Toshkentda IIO xodimiga qarshilik ko‘rsatgan fuqaro 10 sutkaga qamaldi

Tarmoqlarda Shayxontohur tumanida fuqaroning IIO xodimlari bilan janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi. Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, fuqaroning mashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Biroq hujjatlashtirish jarayonida u IIO xodimlarining talablarini bajarmay, qarshilik ko‘rsatgan.

O‘zbekistonda qo‘shimcha 2 ta gaz o‘lchash stansiyasi quriladi

Respublikada 1-iyulgacha barcha tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga onlayn elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi. 2024-yil 1-oktabrgacha respublikada qo‘shimcha 2 ta gaz o‘lchash stansiyasi quriladi.

Toshkentda Amir Temur ko‘chasining bir qismi noma’lum muddatga yopildi

15-maydan Toshkentdagi Amir Temur ko‘chasining bir qismi noma’lum muddatga yopildi. Bu vaqtda ko‘cha bo‘ylab yangi elektr tarmog‘ini qurish ishlari olib boriladi.

O‘zbekiston bo‘ylab muzeylar kuni nishonlanadi

18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat muzeylari tashrif buyuruvchilarni bepul qabul qiladi. Davlat san’at muzeyida Bahodir Jalolning “Mangulikdagi chiziq” ko‘rgazmasi ochiladi va rassom bilan uchrashuv o‘tkaziladi, Miniatyura muzeyida xattotlik bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkaziladi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

“Bobo-buvisi uzoqdaligi yomon, lekin mentalitetdan uzoqdaligimiz yaxshi”. Xorijda yashab, bola o‘stirayotgan o‘zbekistonliklar hikoyasi

Bola tarbiyasi nozik masala — go‘yoki bir umrlik imtihon. Musofirchilikda, begona muhit va o‘zga madaniyat ichida farzand tarbiyalash esa ikki karra mashaqqat. “Gazeta.uz” ko‘p yillardan beri xorijda yashab, bolalarini hayotga tayyorlayotgan o‘zbekistonlik ota-onalar tajribasini jamladi.