Davlat xavfsizlik xizmati Namangan, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlarni aniqladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Namangan viloyatidagi tumanlardan birining fermerlar kengashi raisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroni tumandagi mashina traktor parkining 30 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishga ishontirgan. Buning evaziga u 50 ming AQSh dollari talab qilgan. shU ini mahalliy hokimlik tizimida ishlovchi mansabdor tanishi orqali bitirib bermoqchi bo‘lgan.

DXX xodimlari tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxsni so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlagan.

Aniqlanishicha, u muqaddam Jinoyat Kodeksining 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa O‘rtachirchiq tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 80 sotix sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat va kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 320 ming dollar so‘ragan. U oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Boshqa bir holatda esa Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i tanlov savdolarini o‘tkazish bo‘yicha viloyat komissiyasi bayonnomasiga asosan tanlov g‘olibi deb topilgan xususiy korxonaga savdo do‘koni qurishi uchun ajratilgan 56 kv. m yer maydonida tegishli ishlarni amalga oshirishda zarur bo‘ladigan hujjatlarni tayyorlashda yordam berish evaziga korxona rahbaridan 3 ming dollar talab qilgan. U so‘ralgan puldan 2 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Surxondaryo viloyatida esa jarqo‘rg‘onlik fuqaro “Amuzang” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi balansida bo‘lgan 70 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m so‘ragan. Undan 6 ming dollar va 32 mln so‘mni olgan vaqtida DXX hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.