Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarida maktab o‘quvchilariga bepul berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka chiqqani haqidagi xabarlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakunlarini oshkor qildi.

Qayd etilishicha, bir guruh shaxslar keytering usulida oziq-ovqat ta’minotini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga nisbatan tuhmat uyushtirish orqali ularni obro‘sizlantirishni maqsad qilgan. Ular 3 ta holatda ichiga dori vositalari joylashtirilgan bo‘lka va pryanik mahsuloti go‘yoki Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi ta’minotchilar tomonidan tarqatilganini ANTIKORRUPSIYA telegram kanaliga joylashtirilishiga erishib, tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazishgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston JKning 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (Tuhmat, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa) va 192-moddasi (Raqobatchini obro‘sizlantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi tergovi yakuniga ko‘ra, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etiladi, deyiladi xabarda.

“Tergovga taalluqli boshqa ish tafsilotlari jinoyat holatlarini aniqlash va fosh etishga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi inobatga olinib, oshkor etilmaydi”, — deya ta’kidladi Qoraqalpog‘iston prokuraturasi.

Bundan tashqari, keytering usulida oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barcha mas’ul idoralar e’tiborida va ushbu sohada qonuniylikni ta’minlashning barcha choralari ko‘rib borilishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish jarayoni prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra 2022-yilning fevral oyida boshlandi.

Qoraqalpog‘iston prokuraturasining qayd etishicha, hozirda keytering usulida oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan standart talablariga mosligini kundalik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tuman (shahar) ishchi guruhlari tashkil etilgan hamda 143 mingdan ortiq o‘quvchilar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.