O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar bermoqda.

2020-yildan beri mamlakatda kirish imtihonlari koronavirus pandemiyasi sababli ochiq havoda o‘tkazib kelinayotgandi. Bunda jarayon stadion va bog‘larda (xiyobonlarda) tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan alohida binolarning mavjud emasligi sababli aksariyat sinovlar ta’lim muassasalari o‘quv binolarida ta’lim jarayoniga xalaqit qilmaslik uchun haftaning dam olish (shanba va yakshanba) kunlarida o‘tkazilmoqda.

Joylarda test sinovlarini yil davomida o‘tkazish uchun katta sig‘imli binolarni qurishdagi ayrim kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha takliflar berildi. Mutasaddilarga optik skaner va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishni tezlashtirish topshirildi.

2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan 15 ta umumta’lim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) tillardan 2400 ta test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 8956 nafar talabgordan 4000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, may oyi boshida JSST rahbari Tedros Gebreyesus SOVID-19 tarqalishi sog‘liqni saqlash sohasida global favqulodda holat maqomini yo‘qotganini ma’lum qilgandi. Tashkilot yil boshidan beri koviddan vafot etganlar soni 95 foizga kamayganini bildirgan.