Markaziy saylov komissiyasi 15-may kuni O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaga 9-iyulda bo‘lib o‘tadigan muddatidan avvalgi prezident saylovida ishtirok etishga ruxsat berdi.

Komissiyaning navbatdagi majlisida XDP, O‘zLiDeP, “Adolat”, Ekologik partiya hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining muddatidan ilgari prezident saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab taqdim qilgan hujjatlari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, partiyalar tomonidan belgilangan muddatda Saylov kodeksining 63-moddasida ko‘rsatilgan barcha hujjatlar taqdim etilgan. Shundan kelib chiqib, komissiya a’zolari bir ovozdan saylovda ishtirok etish uchun ijozat berish to‘g‘risidagi qarorlarni ma’qullab ovoz berdi.

Komissiya a’zosi Suyarjon Kurbankulov hujjatlar “o‘z vaqtida, qonun talablariga to‘liq mos keladigan va juda sifatli, hech qanday xato-kamchiliklarsiz” tayyorlanganini bildirdi.

Majlis doirasida siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga saylovda ishtirok etishga ijozat berilgani to‘g‘risidagi guvohnoma hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalari topshirildi. Endilikda partiyalar O‘zbekistondagi barcha saylovchilar umumiy sonining kamida 1 foizi imzosini to‘plashi kerak. Shu bilan birga, bitta ma’muriy-hududiy birlikda (Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri) siyosiy partiya ularning umumiy sonining 8 foizidan ko‘p bo‘lmagan imzo to‘plashi mumkin.

Endi siyosiy partiyalar 1-iyunga qadar MSKga O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni so‘rab ariza bilan murojaat etishi mumkin.

Saylov kodeksiga ko‘ra, siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi, nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi, ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko‘rsatilgan bayonnomasi, nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekani to‘g‘risidagi arizasi, nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ham topshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, 4 ta siyosiy partiya prezident sayloviga o‘z nomzodlarini e’lon qildi:

“Milliy tiklanish” partiyasi esa saylovda O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.