Boks bo‘yicha birinchi jahon chempionlaridan biri, 1974-yilda Gavanada (Kuba) bo‘lib o‘tgan birinchi jahon chempionatida medalni qo‘lga kiritgan, 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori, o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyev Xalqaro boks assotsiatsiyasidan (IBA) umrbod moddiy yordam oladigan bo‘ldi. Bu haqda IBAning rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, 13-may kuni IBA prezidenti Umar Kremlyov Toshkentda 73 yoshli bokschi bilan uchrashish uchun shifoxonaga borgan. Rufat Risqiyevga chempionlik kamari hamda “G‘alabaga bo‘lgan iroda” mukofoti topshirilgan.

“Biz boks oilamizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik qilamiz. Siz afsonasiz va boks asoschilaridan birisiz. Siz tufayli yosh avlod ajoyib sportimiz bilan shug‘ullanmoqda. IBA prezidenti sifatida dunyo bo‘ylab boksni va ulkan oilamizning har bir a’zosini qo‘llab-quvvatlashni o‘z vazifam, deb bilaman. IBA doirasida biz bokschilarimizga ko‘p yordam beramiz, jumladan, moddiy yordam bilan. IBA — bu boks uyi, biz bir oilamiz”, degan Kremlyov.

O‘zAga ko‘ra, uchrashuv mobaynida Rufat Risqiyevning jahon boksi rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirof etilib, Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan 10 ming dollar miqdorida mukofot puli berilgan. Muloqot davomida Rufat Risqiyev har oy IBA tomonidan 1 ming dollar miqdorida rag‘batlantirilib borilishi belgilandi.

Afsonaviy bokschi Rufat Rizqiyev, o‘z o‘rnida, Umar Kremlyovga samimiy minnatdorchilik bildirgan.

Ma’lumot uchun, o‘zbek boksining chinakam afsonasi Rufat Risqiyev 1949-yilning 2-oktabrida Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida tahsl olgan. 1974-yilda 75 kg vazn tofiasida jahon chempioni bo‘lgan. 1976-yilda Olimpiada kumush medali sovrindoriga aylangan. “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan tanilgan bokschi Avstriya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Chexoslovakiya, Yugoslaviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi hisoblanadi. U Kuba ochiq chempionatining 2 karra (1973, 1974) chempioni. Bokschi “Dinamo” sport jamiyatida yo‘riqchi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Respublika olimpiya o‘rinbosarlari bilim yurtida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Rufat Risqiyev bokschi hayoti va faoliyati haqida “Ringga chaqiriladi” badiiy filmida bosh rolni ijro etgan. “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt xurmati” ordenlari bilan taqdirlangan. U faoliyati davomida 189 marta jang o‘tkazib, 174 marta g‘olib, deb e’lon qilingan.