O‘zbekistonda 9-iyul kuni muddatidan avvalgi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. 5 ta siyosiy partiyadan 4 tasi o‘z nomzodini ilgari surdi: Ekologik partiyadan yetakchisi Abdushukur Xamzayev, Xalq demokratik partiyasidan — Ulug‘bek Inoyatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan esa Robaxon Mahmudova nomzod bo‘lishi kutilmoqda. Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. “Milliy tiklanish” partiyasi esa Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Gazeta.uz” quyida nomzodlarning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beradi.

абдушукур хамзаев, nomzodлар, робахон маҳмудоva, saylov-2023, улуғбек иноятов, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev — amaldagi prezident

2016-yil dekabridan beri (88,61 foiz ovoz bilan) O‘zbekiston prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Mirziyoyev bundan avvalgi — 2021-yilgi saylovda (80,1 foiz ovoz bilan) ham g‘alaba qozonib, 5 yil muddatga qayta saylangandi. 2023-yilda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar sababli esa O‘zbekistonda prezidentlik vakolati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

May oyining dastlabki kunlarida prezident O‘zbekiston davlat rahbari lavozimiga muddatidan ilgari saylov bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. U nima uchun 3,5 yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan “voz kechayotganini” tushuntirar ekan, “asosiy qonunga muvofiq, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, deya ta’kidladi va “xalq barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb islohotlarni kutayotganini” bildirdi.

абдушукур хамзаев, nomzodлар, робахон маҳмудоva, saylov-2023, улуғбек иноятов, шавкат мирзиёев

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyati Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Siyosiy faoliyat doirasida turli yillarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi sifatida faoliyat olib borgan.

2003-yilda O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta — 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.

2016-yil 8-sentabr kuni Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq prezidentning vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha bosh vazir Mirziyoyev zimmasiga yuklangan.

4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi yakunlari bo‘yicha prezident etib saylangan, 14-dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishgan. 2021-yil 24-oktabr kuni ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylangan.

Shavkat Mirziyoyev oilali, 2 qiz, 1 o‘g‘li, 6 nafar nabirasi bor. Rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva — mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi.

Amaldagi prezident “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.


Abdushukur Xamzayev (Ekologik partiya)

2022-yil dekabr oyidan beri O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasiga raislik qilib kelayotgan Abdushukur Xamzayev o‘sha paytda 2021-yilgi saylovda prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Narzullo Oblomurodov o‘rnini egallagandi.

абдушукур хамзаев, nomzodлар, робахон маҳмудоva, saylov-2023, улуғбек иноятов, шавкат мирзиёев

Foto: Ekopartiya.

Abdushukur Xamzayev 1973-yil 10-dekabrda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1995-yil Samarqand qishloq xo‘jalik institutini, 2013-yil Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi agronom olim. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor hisoblanadi.

Ekopartiya markaziy kengashiga raislik qilgunga qadar Xamzayev ijroiya qo‘mita raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.

U faoliyati davomida Samarqand qishloq xo‘jalik instituti agronomiya fakulteti o‘quv ishlar bo‘yicha dekan muovini, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha prorektori, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari — O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori vazifalarida ishlagan.

2021-yilda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori (o‘rindoshlik asosida Toshkent davlat agrar universiteti professori) bo‘lgan.


Robaxon Mahmudova (“Adolat” partiyasi)

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ko‘rsatgan nomzod Robaxon Mahmudova 2020-yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari — Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida (10 yil muddatga saylangan) ishlab kelayotgandi.

Sudyalar oliy malaka hay’ati uning sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qildi. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 62-moddasiga ko‘ra, sudya siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.

абдушукур хамзаев, nomzodлар, робахон маҳмудоva, saylov-2023, улуғбек иноятов, шавкат мирзиёев

Huquqshunos Mahmudova 1958-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, bungacha Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi, O‘zbekiston prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 2020-yilda Senat a’zosi etib saylangan, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

2020-yilda prezident farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.


Ulug‘bek Inoyatov (Xalq demokratik partiyasi)

XDPdan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi prezidentlikka nomzod sifatida partiyaning qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi.

Ulug‘bek Inoyatov 1962-yil Toshkentda tug‘ilgan. 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tugatgan, 1998-yilda Toshkent moliya institutini tugatgan. 1985−1993-yillarda Toshkent politexnika institutida assistent, aspirant vazifalarida faoliyat yuritgan.

абдушукур хамзаев, nomzodлар, робахон маҳмудоva, saylov-2023, улуғбек иноятов, шавкат мирзиёев

1993−1999-yillarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida dekan muovini, dekan, 1999−2003-yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori, 2003−2006-yillarda prezidentining davlat maslahatchisi, 2006−2011-yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori, 2011−2013-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori kabi vazifalarda faoliyat olib borgan.

2013−2018-yillarda O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri, 2018−2019-yillarda Namangan davlat universiteti rektori vazifalarida ishlagan. 2019-yildan O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi.

2020-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda. Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilgi prezident saylovida O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan prezidentlikka qayta saylangan. Shuningdek, XDP nomzodi Maqsuda Vorisova 6,6%, “Milliy tiklanish” nomzodi Alisher Qodirov 5,5%, Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov 4,1% va “Adolat” nomzodi Bahrom Abduhalimov 3,4% ovoz olgandi.