Toshkentda o‘tayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilarning 7 nafari final bahsigacha yetib keldi. Bu haqda boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda. Yakuniy bosqich 13−14-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

12-may kuni o‘tgan yarim final bahslarida -54 kg vazn toifasida Oybek Jo‘rayev rossiyalik Dmitriy Dvaliga qarshi jang qildi va 5:2 hisobida g‘alabaga erishdi. U 14-may kungi final bahsida qozog‘istonlik Maxmud Sabirxonga qarshi ringga chiqadi.

boks2023

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham (-67 kg) mo‘g‘ulistonlik Misheyelt Battumurni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi. Uning yakundagi raqibi — qozog‘istonlik Dulat Bekbauov. Final janggi 13-may kuni bo‘lib o‘tadi.

boks2023

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi A’loxon Abdullayevga (-75 kg) esa oltin medal uchun kurashish nasib etmadi. 19 yoshli A’loxon braziliyalik Vanderley Pereyraga (22 yosh) qarshi bahsda 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.

boks2023

Shuningdek, -92 kg vazn toifasidagi bokschi Lazizbek Mullojonovning ham rossiyalik Muslim Gajimagomedovga qarshi janggi muvaffaqqiyatsiz yakunlandi. Rossiyalik tajribali bokschi uni 1:4 hisobida mag‘lub etdi.

Umumiy hisobda O‘zbekiston terma jamoasining 2 nafar bokschisi endi bronza medali bilan kifoyalanadi.

-51 kg vaznlilar o‘rtasidagi jangda Hasanboy Do‘smatov ispaniyalik Martin Molinaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Olimpiya chempioni endi jahon chempionatining oltin medaliga egalik qilish uchun 13-may kuni finalda fransiyalik Billal Bennamaga qarshi jang qiladi.

Yarim finalgacha yetib kelgan yana bir bokschi Abdumalik Xalokov (-57 kg) qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Uuluni yengib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. 14-may kuni 200 ming AQSh dollari mukofoti uchun kechadigan final bahsida unga kubalik Saidel Horta raqib bo‘ladi.

Ruslan Abdullayev (-63,5 kg) turnirning yarim finalida armanistonlik tajribali Xovanets Bachkovga qarshi jang o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Ruslan jang mobaynida raqibini nokdaun holatiga ham tushirishga ulgurdi. 14-may kuni finalda uning raqibi mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Baatarsux bo‘ladi.

-71 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Saidjamshid Jafarov braziliyalik raqibi Vanderson De-Oliveyrani 4:1 hisobida mag‘lub etdi. U 14-may kuni finalda qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov bilan jang qiladi. Ma’lumot uchun, Shimbergenov 2021-yil Serbiyada o‘tgan jahon chempionatida aynan -71 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosovni 1/16 finalda mag‘lub etgandi.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari chempioni super og‘ir vazn toifasida jang qiluvchi Bahodir Jalolov turnirning finaliga jangsiz chiqdi. Sababi uning yarim finaldagi raqibi ispaniyalik Ayub Gadfa Drissi jarohati sabab ringga chiqmadi. 13-may kuni o‘tadigan final bahsida esa Jalolov kubalik Fernando Alexandro Arzola Lopesga qarshi jang qiladi.

boks2023

Shuningdek, Xalqaro boks assotsiatsiyasi ilk bor JCHda chorak finalda yutqazgan, 5-o‘rinni egallagan bokschilarga ham pul mukofoti topshirilishini ma’lum qildi.