O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 13−14-may sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Juma kuni Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va kechga tomon Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. Havo harorati kunduzi +27…+32 darajani tashkil etadi.

Shanba kuni mamlakat hududining katta qismida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi +15…+20 darajani, kunduzi +27…+32 darajani tashkil etadi.

Yakshanba kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo ochiq, quyoshli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning shimoliy hududlari bo‘yicha momaqaldiroq bilan yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. Havo harorati kechasi +13…+18 darajani, kunduzi +30…+35 darajani tashkil etadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘irlar yog‘adi, 12−13-mayda ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli bo‘ladi.

Poytaxtda juma kunining ikkinchi yarmida va shanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroz shamol esadi va u 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Harorat shanba kuni kechasi +18…+20 daraja, kunduzi +27…+29 daraja, yakshanba kuni kechasi +16…+18 daraja, kunduzi +30…+32 daraja bo‘ladi.