2023-yilda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sekinlashadi, mintaqa istiqboli esa tashqi omillarga o‘ta qaram. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) so‘nggi mintaqaviy prognozida aytiladi.

2022-yilda mintaqa mamlakatlarida o‘sish 4,8 foizni, xususan, Armanistonda 12,6 foiz, Qozog‘istonda 3,2 foiz va Turkmanistonda 1,8 foizni tashkil etdi.

Kelgusi yilda XVJ mintaqadagi iqtisodiy o‘sish 2024-yilda 4,5% gacha ko‘tarilishidan oldin 4,2% gacha sekinlashishini taxmin qilmoqda.

Mintaqaning iqtisodiyotiga nima ta’sir qiladi?

Mintaqadagi so‘nggi voqealar ikkita parallel oqimni aks ettiradi: pandemiyadan keyingi tiklanish va Ukrainadagi urushning tarqalishi, deyiladi hisobotda.

Ukrainadagi urushning kutilmagan ikkilamchi ta’sirlari:

  • 2022-yilda Rossiyadagi retsessiya mintaqada iqtisodiy o‘sishning pasayishiga olib kelmadi. Aksincha, Kavkaz va Markaziy Osiyoning aksariyat mamlakatlarida sezilarli o‘sish sur’ati kuzatildi.
  • Xususiy mablag‘lar oqimi keskin oshdi. Rossiyadan Armaniston, Gruziya va Ozarbayjonga sof pul o‘tkazmalari 2022-yilda o‘tgan yilga nisbatan besh baravardan ko‘proq o‘sib, yalpi ichki mahsulotning mos ravishda 17, 8 va 3 foizini tashkil etdi. Tojikiston va O‘zbekiston ham sof pul o‘tkazmalari ikki baravar, ya’ni YAIMning 13 dan 23 foizigacha ko‘paydi.
  • Urush keltirib chiqargan muhojirlar oqimi talabni oshirdi, shu bilan birga, ijara va ko‘chmas mulk bozorlaridagi narxlarga bosim o‘tkazdi. Rossiyadan asosan Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelgan muhojirlar soni 50 mingdan 150 ming kishigacha, ya’ni qabul qiluvchi mamlakat aholisining 5 foizini tashkil qiladi.
  • Sanksiyalar Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi an’anaviy savdo (temir yo‘l) yo‘nalishlarining beqarorlashishiga, savdo yo‘llarining Rossiyadan qo‘shni davlatlarga o‘tishiga olib keldi. Oqimlardagi bu o‘zgarishlar tranzit savdosining o‘sishiga olib keladi.

Bundan tashqari, birjada sotiladigan energiya tovarlari narxlarining oshishi neft eksport qiluvchi mamlakatlarning tashqi iqtisodiy operatsiyalari balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, Rossiyada kutilganidan ham yaxshi hosil oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni yumshatdi.

Biroq bu ikkilamchi ta’sirlar so‘nib borishi bilan 2023-yilda iqtisodiyotning sekinlashishi kutilmoqda.

Asosiy xavf omillari orasida:

  • Rossiyada o‘sish ko‘rsatkichlarining prognozga nisbatan yomonlashishi;
  • pul o‘tkazmalarining kamayishi;
  • Rossiyadan migrantlar oqimining kamayishi;
  • oziq-ovqat ta’minoti zanjiridagi uzilishlar.

Umuman olganda, Rossiya bilan tovar ayirboshlashning o‘sishi Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarini urush paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yomonlashuvga va yanada qattiqroq sanksiyalarga duchor qiladi.

Inflyatsiya

2022-yil o‘rtalaridan boshlab Armaniston, Gruziya va Tojikistonda umumiy inflyatsiya pasaydi, biroq Qozog‘iston va Qirg‘izistonda o‘sishda davom etdi, O‘zbekistonda esa barqaror darajaga yetdi.

Ozarbayjonda inflyatsiya 2022-yil sentabr oyida asta-sekin pasayishni boshladi, biroq 2023-yil boshida ikki xonali darajada saqlanib qoldi.

Mintaqada inflyatsiya dinamikasini belgilovchi asosiy omillardan biri ish haqi hisoblanadi. Ko‘pgina mamlakatlarda nominal ish haqining o‘sish sur’ati inflyatsiya darajasidan yuqori. Bu inflyatsiya barqarorligini oshirishi hamda pul-kredit siyosatini olib borishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

XVJ nimani bashorat qilmoqda?

  • Inflyatsiya 2022-yildagi 13 foizdan 2023 va 2024-yillarda mos ravishda 11,8 va 8,5 foizgacha pasayadi, biroq bu pasayish mamlakatlar bo‘yicha bir xil bo‘lmaydi.
  • O‘zbekiston kabi past daromadli mamlakatlarda inflyatsiya 2023-yilda 11 foiz darajasida qoladi, so‘ngra 2024-yilda 9,3 foizgacha tushadi
  • Neft eksport qiluvchi mamlakatlarda (Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston) inflyatsiya asta-sekin pasayadi — 2023-yilda 13 foiz va 2024-yilda 8,7 foiz.
  • Rivojlanayotgan bozor mamlakatlarida (Armaniston, Gruziya) 2023 va 2024-yillarda inflyatsiya keskin pasayib, 6,4 va 4 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu holat birja tovarlarining jahondagi narxlari pasayishi, pul-kredit siyosati quchayishining kechikkan ta’siri hamda milliy valyuta kursining davom etayotgan mustahkamlanishi tufayli yuzaga kelishi mumkin.