Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Jilovlangan vaqt

Mutaxassisligi avtochilangar va qismatiga ko‘ra soatsoz bo‘lgan A’zamxon Nabiyev hikoyasi
A’zamxon Nabiyev 20 yildan beri soatlarni to‘playdi. Uning kolleksiyasida 200 dan ortiq soat namunasi bor. Ularning ayrimlari vaqtni ko‘rsata boshlaganiga yuz yildan oshgan. “Gazeta.uz” noodatiy ustaxonada bo‘lib, soatsoz bilan uning kolleksiyasi, eski soatlarni sozlash va ularning qimmati haqida suhbatlashdi.
A’zamxon Nabiyev 20 yildan beri soatlarni to‘playdi. Uning kolleksiyasida 200 dan ortiq soat namunasi bor. Ularning ayrimlari vaqtni ko‘rsata boshlaganiga yuz yildan oshgan. “Gazeta.uz” noodatiy ustaxonada bo‘lib, soatsoz bilan uning kolleksiyasi, eski soatlarni sozlash va ularning qimmati haqida suhbatlashdi.
Qoraqamish 2/4 dahasidagi Kamolot ko‘chasida avtomobillarni ta’mirlash uchun mo‘ljallangan eski bir garaj bor. Bu yerda nafaqat mashinalarni, balki turfa model, yosh va mexanizmlardagi eski soatlar ham tuzatiladi. Ularning chiqillashi ustaxonadagi sokin hayot sur’atini quvvatlab turadi. Bu soatlar turli vaqtni ko‘rsatayotganigina bu maskandagi hamohanglikni oz-moz buzadi, xolos.
“Bu soatlarning bari ta’mirda. Ularni tuzatsam, hammasi to‘g‘ri vaqtni ko‘rsata boshlaydi”, — deya tushuntiradi ustaxona egasi A’zamxon Nabiyev.
A’zamxon Nabiyev kasbi bo‘yicha — avtochilangar, qismati bo‘yicha esa — soatsoz. U Toshkent davlat transport universitetini tamomlagan. 25 yildan beri mashinalarni ta’mirlaydi. Mexanikaga qiziqish bolaligidan — o‘yinchoq mashinalarni buzib, qayta yig‘ib yurgan vaqtlaridayoq boshlangan. Soatlarga esa 2004-yili yuz bergan bir baxtli tasodif sabab o‘zi uchun yangi mashg‘ulot kashf etmaguniga qadar befarq edi.

“Rafiqam bilan uyga kerakli narsalarni olish uchun Qo‘yliq bozoriga borgandik. Ayolim o‘ziga nimadir tanlayotganida, men yerda o‘tirib olib, har xil eski-tuski narsalarni sotayotgan buvijonni ko‘rib qoldim. U menga qarab turib: “O‘g‘lim, mendan nimadir sotib olsang-chi”, dedi, — deb eslaydi A’zam Nabiyev. — Unga rahmim kelib ketdi. Yerga sochib qo‘yilgan butun “boylik”dan ko‘zimga faqat soatlar qiziq ko‘rindi. Bu soatlar qachondan beri ishlamasdi, lekin keksa ayolga qandaydir ko‘mak berish niyatida men o‘sha soatlarni sotib oldim”.

Uyga olib kelinganidan so‘ng tokchaga qo‘yib qo‘yilgan soatlar bilan ancha vaqtgacha birovning ishi bo‘lmagan. Bir kuni A’zamxon akaning rafiqasi “bu soatlarni nega sotib olgansiz?”, deb qiziqib qolgan. Ana shunda u soatlarni sozlash kerak, degan qarorga kelgan. Texnik bilimi borligi unga mexanizmning ish prinsipini tezda tushunib olish imkonini bergan va bir necha soatlik urinishdan so‘ng soat millari aylana boshlagan.

Keyinroq Nabiyev u sotib olgan yog‘och korpusli va jez siferblatli stol soati sovet davriga oidligini bilib olgan. “Vesna” nomli soat modeli 1950-yillarda Rossiyaning Vladimir shahridagi “Tochmash” birlashmasida ishlab chiqarilgan va mexanik soatlarning mumtoz namunasi hisoblangan. A’zamxonning aytishicha, bunday soatlar burab turilmasa ham 10 kungacha ishlayveradi.

“Vesna” Nabiyevning kolleksiyasining va uning soatlarga qiziqishining ibtidosi bo‘ldi. U endi ko‘hna va kamyob soatlarni izlab har yakshanba eski-tuskilar bozori va antikvar do‘konlarni aylanadigan bo‘ldi. A’zamxon aka faqat va faqat qo‘lda yasalgan mexanik soatlarni afzal bilardi, bunday qurilmalar o‘zining murakkabligi va tarixiy ahamiyati bilan e’tiborga molik edi — topilmalar orasida XVIII-XIX asr soatlari ham uchraydi.
“Vesna” modelidagi soat. A’zamxon Nabiyevning shaxsiy fotoarxividan.
Nabiyevni hammasidan ham ko‘proq avvalgi davrlarning soatsozlari butun boshli mexanizmni harakatga keltiradigan eng mayda detallarni biror bir maxsus uskuna yordamisiz, mohirlik bilan tayyorlashganidan hayratga tushardi.

“Mexanizm — soatning yuragi. U 100 dan ortiq detallardan tashkil topadi. Soat vaqtni to‘g‘ri ko‘rsatishi uchun murvatchalar, tishli g‘ildirakchalar, prujinalar hamohang ishlashi kerak. Ularni faqat qo‘lda yig‘ib, sozlash mumkin, shu bois ularning har bir detalida bu soatlar ustida ishlagan o‘sha davr ustalarini ko‘rgandek bo‘laman”, — deydi A’zamxon Nabiyev.
Soatsozlik XVII asrda o‘z taraqqiysining cho‘qqisiga chiqqan. Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tmishdagi ustalar mexanizmni osongina qayta tiklay olish uchun, soat esa imkon qadar uzoq muddat ishlashi uchun detallarni tayyorlashda sifatli materiallardan foydalanishgan. Shu bois eski soatlarning aksariyati yangilaridan ko‘ra ishonchliroq va nosozlarining orasida ham umuman tuzatib bo‘lmaslari kamdan-kam uchraydi.

Shaharda murakkabroq vaziyatda ham ishdan qochmaydigan yaxshi soatsozni topish muammoli masala edi. Usta topish qancha qiyinlashsa, soatlarni ta’mirlash bilan A’zamxon akaning o‘zi shuncha ko‘p shug‘ullana boshlardi. Boshida ishi ko‘p ham o‘xshayvermadi. Eski soatlarga yangi hayot bag‘ishlashni yaxshilab o‘rgangunicha ancha-muncha mexanizmlarning “boshini yegani”ni o‘zi ham tan oladi. Barmoqlari ham soatlardan kam jabr ko‘rmagan.
Nabiyev boshida soatlarni uyida ta’mirlardi. Kunning asosiy qismini garajda mashinalarni tuzatish bilan o‘tkazayotganini tushunib yetgach, o‘sha yerning o‘zida soatsozlik ustaxonasini ham ochadi. Kolleksiyadagi “salomatligini tiklash” muhtoj soatlarning bir qismini ham garajga ko‘chiradi.

“Men faqat katta soatlarga ixtisoslashganman. Qachonlardir qo‘l soatlari bilan shug‘ullanishga urinib ko‘rgandim, lekin bu men uchun emasligini tezda tushunib yetdim. Bu juda nozik ish. Shunga monand texnika, uskunalarni ham talab qiladi. Ko‘rish qobiliyatimga putur yetkazib qo‘yishdan ham qo‘rqqanman. Soat lupasini kiygan vaqtim boshim aylana boshlardi, ko‘zlarim tezda charchab qolardi”, — deya hikoya qiladi A’zamxon aka.
реклама
реклама
Nabiyev garajidagi soatlarning bir maromdagi chiqillashi sadolari ostida xatolari ustida ishlagan, tajriba orttirgan. Tanish ustalar davrasini kengaytirgan. Hatto o‘ziga ustoz ham topgan - uchinchi avlod soatsozi unga bu kasbning barcha sir-asrorlarini o‘rgatgan. Shu fursatdan boshlab kolleksiya ham kattalasha boshlagan — bilimi va o‘z kuchiga ishongan Nabiyev endi har qanday buzuq soatni sotib olishga o‘zida jur’at topa olgan.

“Hozirgacha men tuzata olmagan biror soat uchragani yo‘q. Vaqt va kerakli detallar bo‘lsa kifoya”, — deya tan oladi u.

Mish-mishlar va internet sharofati bilan usta butun shaharga tanildi. Eski soatlarning egalari garaj oldida endi mashinalarning egalari kabi tez-tez paydo bo‘lishi odatiy holga aylandi.
A’zamxon Nabiyevning aytishicha, ilk ish boshlagan kezlari mijozlar ayniqsa ko‘p edi, chunki soat bozori asosan mexanik qurilmalardan iborat edi. Bozorda batareykada ishlaydigan soatlar paydo bo‘lgach, uning ishiga bo‘lgan talab ham susaydi. Uzoq vaqt davomida mexanik modellarga faqat eski-tuski ixlosmandlari qiziqib yurdi, faqat oxirgi yillardan boshlab mexanikaga qiziqish yana urfga kira boshladi. Bunday soatlarga ehtiyoj ularning faqat uzoq muddat ishlay olishida emas, balki o‘z egasiga ma’lum bir maqom berishida ham.

“Kolleksioner sifatida men birinchi galda soat mexanizmlarining murakkabligi va unikalligiga e’tibor qarataman. Haqiqiy ishqibozlar detallar qancha ko‘p bo‘lsa, soat shuncha qimmat bo‘lishini yaxshi biladi. Estetik jihati ham muhim. San’at asaridek ko‘rinadigan soatlar bor. Ularni qimmatbaho metallar va nodir toshlardan tayyorlangan korpusi ajratib turadi”, — deya tushuntiradi A’zamxon Nabiyev.
20 yillik faoliyati davomida usta murakkablik darajasi va mexanizm ko‘rinishlari har turli bo‘lgan sanoqsiz soatlar bilan ishlagan. Mijozlar bejirim stol soatlaridan tortib polga o‘rnatiladigan bahaybat soatlargacha har xilini olib kelgan. Ular orasida betakror namunalar ham uchrardi. A’zamxon aka 2019-yili ustaxonasiga kakkusi va harakatlanuvchi haykalchalari bor Shvarsvald soatini olib kelishgani haqida gapirib berdi.

“Bu turdagi devor soatlari — nemis ustalarining haqiqiy faxri, chunki ular XVIII asrda kashf etilib, butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan. Men shu vaqtgacha hech bunday murakkab mexanizmni ko‘rmagan edim! Vaqt bo‘lishi bilan, tuynukdan kakku mo‘ralab, kerakli soatni bildirardi. Pastida eshikchalar bo‘lib, kakkuning har kukulashiga ochilardi. Bu eshikchalardan o‘tlog‘ga bola va qizcha “yugurib chiqardi”. Musiqa sadolari ostida bu haykalchalar raqsga tushardi. U soat emas, haqiqiy mo‘jizaning o‘zginasi edi!”, — deydi A’zamxon Nabiyev.

Kakkuli kamyob yog‘och soatni tuzatish yetarlicha murakkab ish bo‘lib chiqdi. Ta’mir uchun bir necha detal yetishmayotgandi. Internetdagi qidiruvlar natija bermagach, usta ularni qo‘lda o‘zi tayyorlashga qaror qildi. Tokarlik stanogida detallarni kesib, mexanizmni boshidan oxirigacha yangitdan yig‘ib chiqdi - oxir-oqibat soat yura boshladi.
“Soat ta’miri, nafaqat mexanizm, balki korpusni ham sozlash kerak bo‘lsa, bir oygacha cho‘zilishi mumkin. Ko‘pincha “donor”ni - kerakli detalni yechib olish mumkin bo‘lgan boshqa soatni izlashga to‘g‘ri keladi. Ommaviy namunalar uchun “donor” topishdan osoni yo‘q. Ammo antikvar yoki kamyob model bo‘lsa, u holda men o‘zim restravratsiya bilan shug‘ullanaman: metallni qayta ishlayman, bo‘yayman, loklayman”, — deydi soatsoz.

Eski soatlar va ular uchun mo‘ljallangan detallarni izlab Nabiyev odatda Yangiobod bozoriga, “Chorsu” bozorining eski-tuskilar qismiga va Markaziy univermagning yerto‘lasidagi antikvariat do‘koniga qatnaydi. Alohida detallarni Toshkent podshipnik zavodiga yoki metall konstruksiyalar tayyorlashga ixtisoslashgan “Texnolog” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga buyurtma qiladi. So‘nggi yillarda u soatlarning qimmatli modellarini e’lonlar saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi havaskorlarning guruhlaridan topmoqda.

“Men hozir shaharda ko‘pchilik biladi. Mexanizmi qiziq biror eskiroq soatni ko‘rib qolishsa, darhol suratga olib, menga yuborishadi. Tanish antikvarlar va kolleksionerlar bor, ulardan qiziq narsalarni sotib olaman yoki almashaman. Boshida pulni ayamay, hammasini sotib olaverardim. Hozir esa asosan sotish mumkin bo‘lgan soatlarni xarid qilaman”, — deydi A’zamxon Nabiyev.
Usta o‘z kolleksiyasidagi soatlarni mexanikaga qiziqib qolganidan besh yil o‘tib sota boshlagan. Avvaliga dublikati bor soatlarni, keyinchalik qimmatroq va kamyobroqlarini, undan keyin esa intererga mos kelmayotganlarini sotgan. Kolleksiyaning bir qismi bilan xayrlashishga Olmazor Business City qurilishi bahona Nabiyevning garaji buzilgani va soatlarni uyga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgani ham sabab bo‘lgan.

2020-yili soatlarga to‘lib toshgan xonadonni oilada kutilayotgan ko‘payish munosabati bilan bo‘shatishga to‘g‘ri kelgan. A’zamxon aka butun kolleksiyasini tekinga yoki arzimas pulga tarqatib, sotib yuborgan. O‘zi uchun eng birinchi, yerdagi yoymadan sotib olingan “Vesna” modelli soatni saqlab qolgan. Bo‘shab qolgan devorlarga boqib, kolleksioner ortiq bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanmaslik haqida o‘ziga so‘z bergan.
реклама
реклама
Oradan uch oy o‘tib, uning Kamolot ko‘chasidagi hozirgacha ishlab kelayotgan yangi ustaxonasi ostonasida yoshi ulug‘ bir ayol paydo bo‘lgan. U o‘zi bilan birga bo‘yi baravar soat olib kelgandi. Ayol bu marhum erining sovg‘asi ekanini aytgan. U bu soatlar bongini eshitishni yaxshi ko‘rgan, lekin soat kapgiri (mayatnigi) buzilib qolib, “ovozi chiqmay” qolgan. Soatsoz ayolning iltimosiga yo‘q deya olmay, soatni tuzatib bergan.

Aynan shu ayol sharofati bilan u garajga o‘z tanishlarini olib kelgan va inshoot yana katta-kichik soatlar bilan to‘la boshlagan.

“Soatlarsiz yashay olmayman. Ular mening xastaligim, desam ham bo‘ladi. Eng ko‘p zavqni buzilgan soatlar yana yura boshlaganida olaman, — deya oladi A’zamxon Nabiyev. — Hozir “Melodiya” soatini ta’mirlayapman. Hozir bu soat bong chalish o‘rniga “G‘aroyib ko‘zlar” qo‘shig‘idagi musiqani ijro etyapti. Bu yerda mahoratdan tashqari ohanglarni ajrata bilish qobiliyati ham zarur. Ko‘plab detallari yo‘qolib ketgani uchun bu mexanizmni boshidan yig‘ib chiqib, soat qanchalik sof “kuylayotgani”ni eshita bilish ham lozim”.
A’zamxon aka o‘zini irimchi deb hisoblamasa-da, soatlar xuddi ko‘zgu kabi o‘z “xotirasi”ga ega va o‘ziga yarasha hayotiy quvvatga ega, degan fikrga qo‘shiladi. Soat qanchalik eski bo‘lsa, undagi quvvat ham shuncha katta bo‘ladi. Shu bois antikvar soatlarni sotib olish vaqtida ulardan ijobiy aura tarqalishi uning uchun muhim ahamiyatga ega.

“Men kimdir o‘lgan yoki ajrashgan uyda saqlangan soatlarni sotib olmayman. Nazarimda, egalari ko‘p nizolashgan yoki janjal muhitidagi uyda bu kayfiyat boshqa buyumlarda ham o‘z aksiga topadi. Men sotib olgan soatlarimni uyga olib kelaman, shu bois ular yaxshi narsalarni “xotirlashi”ni xohlayman”, — deydi Nabiyev.
реклама
реклама
A’zamxon akaning kolleksiyasida bugun 200 dan ortiq soat bor. Ular orasida eng ko‘hnasi - Erli Norton tomonidan tayyorlangan trosli ingliz mayatnik soatlaridir. Ular XVII asrga mansub. Boshqa eksponatlar orasida Angliya, Germaniya, Shveysariya va Rossiyada tayyorlangan, buraladigan va ko‘chma mexanizmli stol, devor va pol soatlari bor. Kolleksioner ayniqsa Gustav Bekker, Genri Mozer kabi jahonga mashhur soatsozlarning, shuningdek, Le Roi a Paris markasi tomonidan chiqarilgan san’at darajasidagi ishlarni yaxshi ko‘radi.

Nabiyev kolleksiyasidagi eng qimmat soatlar ikki ming dollar turadi. Bu repetirli (prujinasiga bosilsa, ko‘rsatilayotgan vaqt bo‘yicha zang chalinishini ta’minlovchi moslama - tahr.) polga o‘rnatiladigan soat bo‘lib, shveysariyalik usta Gustav Bekker tomonidan yasalgan. Har chorak soatda u egasining tanloviga ko‘ra soatlarning uchta mumtoz musiqasi - “Muqaddas Mikoil”, “Vittington” va “Vestminster”dan birini ijro etadi, ovozi xuddi Londondagi Big-Ben va Kreml kurantlarining bonglarini eslatadi.
A’zamxon akaning aytishicha, vaqt o‘tishi bilan soatlar parvarish borasida “qaysar”lashib boradi, shu sababli u kolleksiyasining katta qismini chang va zaxdan xoli bolalar xonasida saqlaydi. Haftada bir marta uyning ko‘rinarli joylari - kirish yo‘lagi va mehmonxonada turgan soatlarni ishga tushirib chiqadi. Barcha soatlarni harakatga keltirish uchun uch-to‘rt soatcha vaqt kerak bo‘ladi.
“Oilamizda hech kim soatlarga qiziqmaydi, shuning uchun boshida mening bu xobbimni hech kim qo‘llab-quvvatlamagan. Rafiqam uyda joy qolmayotganidan norozi edi, bolalar esa soatlar bong urgandagi shovqindan shikoyat qilardi. Ikki to‘ng‘ich o‘g‘illarim bu jiddiy mashg‘ulot emas va soatni istalgan odam “shessekund”da yig‘ib tashlay oladi, deb hazillashardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan hamma ko‘nikdi, kenjam esa hatto qiziqishni boshlab, soatlarni qanday ta’mirlashimni kuzatadigan bo‘ldi. Kelgusida u mening ishimni davom ettiradi, deb o‘ylayman”, — deya umid bildirdi A’zamxon Nabiyev.

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi: Madina A’zam.

Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting