“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov davlat organlarini Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi tasma taqqan yigit qo‘lga olingan, ammo keyinroq Bosh prokuratura tomonidan yopilgan ish yuzasidan batafsil ma’lumot berishga chaqirdi.

Harakat raisi o‘zining Telegram kanalidagi postida ichki ishlar organining yigitni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi noqonuniy qarori bekor qilinishi bilan adolat o‘rnatilganini ta’kidladi.

“Biroq fuqaroga noqonuniy talab qo‘ygan, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan va javobgarlikka tortish uchun sudga yuborgan IIB xodimlari hamda noqonuniy qaror qabul qilgan sudning harakatlariga qanday baho berilgani masalasi mavhumligicha qolmoqda”, — deydi Bobur Bekmurodov.

“Boshqacha aytganda, adolat qaror topdi, biroq qonun ustuvorligi to‘laqonli ta’minlandimi?” — so‘radi u.

Harakat raisi 8-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev parlament palatalari, sud va ijro hokimiyati organlari rahbarlari hamda partiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shartligi, bu qarash, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerakligi haqida gapirganini eslatib o‘tdi.

Prezident iqtibos keltirgan Konstitutsiyaning yangi tahririda “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”, deyilgan (20-modda).

“Keng jamoatchilikning va „Yuksalish“ harakati a’zolarining murojaatlariga asoslanib, tegishli idoralar masala yuzasidan batafsil axborot berishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”, — dedi Bobur Bekmurodov.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston bayrog‘idan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayramlarda asosiy ko‘chalarda foydalanishga ruxsat beriladi.

2022-yilning noyabr oyida O‘zLiDeP bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish, fuqarolarga undan erkin foydalanish, xususan, uni o‘z uyi va ish joylariga o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqandi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif qilingan.